Breaking News

Barak Obama Eron bilan muloqotga tayyor


20 yanvarda Barak Obama rasman prezidentlik lavozimiga kirar ekan, Eron tashqi siyosatdagi dolzarb masalalardan biri bo’ladi.

Saylov kampaniyasi davomida Obama Eron bilan muloqot qilish kerakligi haqida gapirgan. Ammo mutaxassislar fikricha bu oson bo’lmaydi.

Eron-AQSh aloqalaridagi adovat negizida 30 yillik tarix bor.

1979 yili Eronda islom inqilobi ro’y berib, AQShga ittifoqchi tuzum qulagach va Tehrondagi AQSh elchixonasi garovga olingach, Qo’shma Shtatlar bu mamlakat bilan diplomatik aloqalarini uzgan edi.

Bugun esa ikki tomon qarama-qarshiligiga sabab bo’layotgan masala – Eron yadro dasturi.

AQSh uni yadro qurolini yaratishga intilayotganlikda ayblab, mintaqa tinchligi uchun tahdid desa, rasmiy Tehron atom yonilg’isi unga elektr energiya olish uchun kerak demoqda.

Prezident Bush Eron bilan bevosita muloqot qilishdan bosh tortgan bo’lsa, Obama buning aksini qilmochi.

“Men raqibimiz bilan shunchaki quruq suhbat uchun uchrashishni taklif qilayotganim yo’q. Men diplomatiyani ishga solib, Eronning tegishli rahbari bilan o’zim bilgan vaqtda va o’zim aytgan joyda manfaatlarimizni himoya qilmoqchiman”, - deydi Obama.

Ikki tomonlama munosabatlarni yumshatish uchun davlatlar o’tmishdagi ginalarni unutib, hozirgi muammolarni chetga surishi kerak bo’ladi, deydi tahlilchilar.

Kongress tadqiqot xizmatida Eron bo’yicha mutaxassis Ken Katsmanning aytishicha, o’rtadagi jar shu qadar kattaki, AQSh va Eronda kim prezident bo’lishidan qat’iy nazar yaqin kelajakda ikki tomonlama munosabatlarda katta o’zgarishlarni kutmaslik kerak.

AQShning Eronga nisbatan siyosati o’zgarishi uchun avval yadro dasturi bo’yicha olg’a siljish bo’lishi lozim, deydi Katsman.

“Agar AQShning yangi ma’muriyati “Eron bilan bevosita muloqot qilish uchun rasmiy Tehron uran boyitishni to’xtatishi kerak” degan shartidan voz kechsa, Oq Uy siyosatida o’zgarish yuz berdi deyishga sabab bo’ladi”, - deydi tahlilchi.

Bob Bayer o’tmishda Markaziy Razvedka Boshqarmasida ishlagan. Yaqin Sharq bo’yicha tajribasi katta.

Uning aytishicha, Obama ma’muriyati bevosita muloqotdan oldin Eron bilan parda ortida gaplashishi, Tehronga maxfiy vakilini yuborishi kerak.

“Agar Eron bunga ko’nmasa yoki vakilni qabul qilmasa, ana o’sha savolga aniq javob bo’ladi. Ammo vakilni Tehronga jo’natmasdan turib, Eronning bevosita muloqotga tayyorligini bilib bo’lmaydi. Eronni yadro qurolini yaratish rejasidan unga G’arb tomonidan qo’yilgan savdo va iqtisodiy sanksiyalarni bekor qilish orqali ko’ndirish mumkin”, - deydi Bayer.

Yana bir sobiq razvedkachi Geri Berntsen fikricha toki Eron Hizbulloh kabi jangari guruhlarni qo’llab-quvvatlar ekan, u bilan gaplashishdan foyda yo’q.

“Eronda hukumat tinch yo’l bilan almashadi deb o’ylamayman. Eron AQSh bilan ziddiyatlar yo’lini tanlagan. Ular terrorizmni tashqi siyosatning eng samarali mexanizmi sifatida ko’radi. Ularning bunday harakati vaqti kelib AQShni Eronga qarshi kuch ishlatishga majbur qiladi”, - deydi Berntsen.

Vest Point harbiy akademiyasi tomonidan qilingan yangi tadqiqot natijasiga ko’ra, agar ikki davlat Iroq xavfsizligini ta’minlashda birga hamkorlik qilsa, bu munosabatlarni yaxshilash uchun qulay imkoniyat bo’ladi.

Chunki Eron Iroqdagi shia siyosatchilar va jangarilarga nisbatan o’ziga yarasha ta’sir kuchiga ega.

XS
SM
MD
LG