Xamas jangari guruhi G’azo sektoridan Isroilni nishonga olishda davom etarkan, mamlakat Tashqi ishlar vazirasi Tsipi Livni davlatining sabr kosasi to’lganini ta’kidlagan.
Tsipi Livni Xamas-Isroil adovati kuchaygan bir pallada Qohiraga tashrif buyurgan.
Mana bir necha kundirki, Xamas G’azodan Isroilga raketa otmoqda. Ikki tomon orasida vositachilik qilib kelayotgan Misr prezidenti Xusni Muborak bilan muloqotda, Livni “keskin choralar ko’ramiz” deya ogohlantirgan.
“Isroil tinch-totuv yashashni istaydi, lekin Xamasning hujumlariga chidab o’tirmoqchi emasmiz”, deydi u.
Iordan daryosining g’arbiy sohilida murosani tushunadigan rahbar bu Mahmud Abbos, deydi Livni. Xamas esa, uning fikricha, muzokara qilishga arzimaydigan xunrez guruh.
O’tgan hafta Isroil-G’azo o’rtasidagi 6 oylik tinchlik sulhi tugagan; Misr tomonlarni yangi sulh tuzishga chaqirmoqda.
Misr Tashqi ishlar vaziri Ahmad Abul G’ayt nazarida Isroil va Xamas provokatsion siyosatni bas qilishi kerak.
Xamas Isroilga raketa otishni to’xtatsin, Isroil qo’shini G’azodan ketsin, deydi u.
Misr vositachilikka tayyor, ammo ikki tomon dastlab o’zini bosib olishi kerak, deydi Abul G’ayt.
Isroil Tashqi ishlar vazirasi Tsipi Livni fikricha, urushdan asosan Isroil va Falastin bolalari jabr ko’rmoqda, aybdor esa - Xamas. Kimdir bu guruhni to’xtatishi kerak, deydi Livni, Isroil bu ishni bajarishga tayyor.
Xamas Isroil-G’azo chegarasi ochilsin, deya talab qo’ygan. Sektorga kirish taqiqlangani bois, hududda yonilg’I va yegulik taqchil.
Ishsizlik keng va moliyaviy yetishmovchilik aholi hayotini yanada og’irlashtirgan.