Breaking News

Xalqaro hamjamiyat Isroil va Xamasni sulh tuzishga undamoqda


Isroil G’azo sektorini bombardimon qilishda davom etar ekan, o’lganlar soni 315 kishiga yetgan. Ko’pi sektorda hukmron Xamas jangari guruhi a’zolari, 57 nafari oddiy fuqarolar.

Guvohlarning aytishicha bugungi hujumlarda Xamasning G’azodagi Ichki ishlar vazirligi binosi hamda Islom Universiteti vayron bo’lgan. “Shanba kuni boshlangan operatsiya uzoq davom etadi. Maqsad Isroilga to’xtovsiz hujumlar uyushtirayotgan Xamasni yanchib tashlash”, - deydi Isroil Tashqi ishlar vazirasi Tsipi Livni.

BMT Xavfsizlik Kengashi, Arab Ligasi, Rossiya va qator boshqa davlatlar chaqiriqlariga qaramasdan, Isroilning G’azoga hujumi kengayayotgan ko’rinadi. Hukumat zaxiradagi harbiylarni ham xizmatga chaqirgan.

“G’azoni qayta bosib olmoqchi emasmiz”, - deydi vazira Tsipi Livni. “Hududni Isroilni nishonga olayotgan ekstremistlar, Xamas boshqarmoqda, biz ularga javob qaytarishga majburmiz. Xamas bilsinki, Isroil o’z fuqarolarini himoya qila oladi. Ularning tavjovuziga ortiq chidab o’tirmaymiz”.

Isroil bugun G’azo sektori atrofidagi hududlarni yopiq harbiy zona deb e’lon qilgach, yerdan hujumga o’tayotgani haqida xabarlar tarqalgan.

Havo kuchlari esa asosan Xamasga Misrdan qurol-aslaha va anjomlar yetkazuvchi 40 dan ortiq tunellar hamda tashkilot idoralari nishonga olinmoqda.

Qator arab mamlakatlarida Isroil hujumini qoralab, katta namoyishlar o’tyapti. Namoyishchilar arab hukumatlaridan birlashib, Isroilni jazolashga chaqirgan. Norozilik aksiyalari London, Parij va Madridda ham kuzatilgan. Bir necha kishi hibsga olingan.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Isroildan hujumni darhol to’xtatib, hududga gumanitar yordam kiritishni so’ramoqda. Fransiya rahbari Nikolya Sarkozi Xamasni provokatsiyada, Isroilni esa haddan ziyod kuch ishlatganlikda ayblagan.

Qo’shma Shtatlar nazarida zo’ravonlik boshlanganida Xamas aybdor. Guruh Isroil bilan o’tgan hafta yakuniga yetgan sulh bitimini uzaytirishgan bosh tortgan.

Arab davlatlari orasida Isroil bilan tinchlik shartnomasi imzolagan kam sonli davlatlardan biri – Iordaniyada qonunchilar Isroil elchisini mamlakatdan chiqarib yuborishni talab qilyapti.

Germaniya Yaqin Sharqda vaziyatning yana izdan chiqishida Xamas jangari guruhini ayblamoqda. Kansler Angela Merkel Isroilni tinch aholi yashaydigan hududlarga hujum qilmaslikka chaqirgan.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun esa xurujlar darhol to’xtatilib, muzokara boshlansin, tinchlik o’rnatilsin deya undamoqda. “Isroil G’azo sektoriga kirish yo’llarini ochsin, toki aholiga insonparvarlik yordami yetkazilsin”, - deya talab qilmoqda Pan Gi Mun. “Xalqaro hamjamiyat har qanday xunrezlikni qoralaydi va tomonlarni vijdonan ish tutishga chorlaydi”.

Rim papasi Benedikt XVI hech bir nizoni qon bilan yechib bo’lmaydi; aholi hayotini qadrlamaslik yanada fojiali oqibatlarga olib boradi deb ogohlantirmoqda.

Livanda Hizbulloh yetakchilari harakat Isroilga qarshi hujumlarga shay turganini aytmoqda. “Isroil bizga ham hujum qilishi mumkin. Ogoh bo’lib turishimiz kerak”,- deydi jangari guruh rahbari Hasan Nasrulla.

Falastinliklarga qarshi vaxshiy jinoyatlar sodir etilar ekan, Misr G’azo bilan chegarani ochib, aholiga ko’maklashishi lozim, deydi Nasrulla. Aks holda, deydi u, Misr hukumati ham bu jinoyatlar uchun javobgar tutiladi.

Harbiy operatsiya boshlanganidan beri Xamas Isroil janubiga raketa hujumlarini kuchaytirib, 2 kishini o’ldirgani ma’lum.

XS
SM
MD
LG