Afg'onistonda zo'ravonliklar kuchayar ekan, AQSh kuchlari oddiy fuqarolarni nishonga olayotganlikda ayblanmoqda. Vitse-prezident Jo Bayden esa mamlakatga qo'shimcha amerikalik askarlar kiritilsa, ular orasida talofatlar ko'payadi deya ogohlantiryapti.
Afg'oniston sharqdagi Lag'mon viloyatida AQSh kuchlari 32 nafar tolibni yo'q qilgani haqida ma'lum qilgan. Ammo mahalliy aholi va viloyat hokimi AQSh hujumidan aslida 13 nafar oddiy fuqaro o'lgan demoqda.
"Nyu-York Tayms" gazetasiga ko'ra, Afg'oniston rasmiylari AQSh reydlari mahalliy kuchlar bilan muvofiqlashmagani uchun shunday oqibatlarga olib kelmoqda deydi. AQSh qo'mondonligi so'nggi paytda afg'onistonlik hamkorlariga bo'lajak operatsiyalar bo'yicha ma'lumot ulashmay qo'ygan. Axborot Tolibon qo'liga uzatiladi degan xavotir mavjud. Bundan tashqari afg'onlarning deyarli har birida uyida qurol bo'lgani ham vaziyatni murakkablashtirmoqda.
Ustiga ustak, deydi mutaxassislar, agar AQSh, Obama va'da qilganidek, Afg'onistonda qo'shinlari sonini oshirsa, zo'ravonlik darajasi yana oshishi, tinch aholi orasida talofatlar ko'payishi mumkin. Bu esa oddiy afg'onlarning AQSh askarlaridan bezib, Tolibonga nisbatan xayrihohligini oshirmoqda.
BMT tergovchisi Filip Alstonning "Nyu-York Tayms"ga aytishicha, ko'p hollarda reydlar va operatsiyalarda AQShning qaysi qismlari ishtirok etgani haqida axborotni olib bo'lmaydi.
"Vashington Tayms" gazetasiga ko'ra, AQSh vitse-prezidenti Jo Bayden ham Afg'onistonda qo'shinlar soni oshirilsa, zo'ravonlik oshishi ehtimoli haqida gapirmoqda. Bunga boshqa sabab, deydi Bayden, Afg'oniston hukumati xalqning iqtisodiy, siyosiy va xavfsizlik ehtiyojlarini qondira olmadi. AQSh ittifoqchilarida umumiy siyosatning yo'qligi ham yutuqlarni ortga surib qo'ydi.
"Eng katta muammo," deydi vitse-prezident, "korrupsiya kuchli ildiz otgan va qora dori savdosi gullamoqda."
Urushga qarshi guruhlar qo'shimcha kuchlarning safarbar etilishini tanqid ostiga olmoqda. Qurbon bo'lgan har bir askar ortida oilalar taqdiri borligini, Britaniya va Sovet tarixidan saboq olib, qo'shimcha kuch qo'shimcha talofat ekanini unutmaslik kerak, deydi ular.
Afg'oniston prezidenti Hamid Karzay AQSh va NATO operatsiyalari bo'yicha nazoratni kuchaytirish maqsadida Vashington va Bryusselga taklif bilan chiqqan.
Karzay, shuningdek, afg'on armiyasiga yordamni kuchaytirishni so'ragan.
"Afg'oniston xavfsizlik kuchlari o'z yerini himoya qila olmas ekan, oddiy fuqarolar nobud bo'laveradi," deydi u.