Tanlov qatnashchilari AQSh-O’zbekiston aloqalari haqida maqola yozishi kerak.
Vaholanki, Amerika bilan munosabatlar mahalliy matbuotda yopiq mavzulardan biri bo`lib qolmoqda.
AQSh elchixonasi e`lon qilgan tanlovda O`zbekistonda ishlayotgan jurnalistlar ishtirok etadi va AQShga taalluqli barcha mavzular tilga olinishi mumkin.
“Viloyatlarda yashab ijod qilayotgan jurnalistlar tanlovda ishtirok etishi qizg`in qo`llab-quvvatlanadi. Topshirilayotgan ishlar AQSh mavzusiga, jumladan, ta`lim, madaniyat, tashqi siyosat, savdo, biznes, o`zaro munosabatlar, san`at va boshqa sohalarga oid bo`lishi mumkin. Biroq mavzu doirasi cheklanmagan”, - deydi elchixona matbuot xizmati vakili Saida Choriyeva.
So`nggi yillarda O’zbekiston matbuotida AQSh rangli inqiloblarda ayblanib, mamlakat tinchligiga rahna soluvchi kuch sifatida ta’riflanayotgan edi.
AQSh-O`zbekiston aloqalari tiklangani sari matbuotda Amerikani qoralovchi sharhlar oqimi to`xtagan. Lekin Qo’shma Shtatlar bilan bog`liq, jumladan, O`zbekiston bilan hamkorlik mavzusi chetlab o`tilmoqda.
Elchixona e`lon qilgan tanlov jurnalistlarda qiziqish uyg`otgan. Ular AQSh -O`zbekiston munosabatlarida yoritilmagan jihatlar ko`pligiga e`tibor qaratmoqda.
“Matbuotda AQSh haqida maqolalar berilmasin deb buyruq berilgan degan fikrlarga qo`shilmayman. O’zbekiston matbuotida cheklovlar yo`q. Andijon voqealari bo`ladimi, undan keyingi voqealarmi… O`zbekistonning G`arb bilan aloqalari yomon bo`lmagan. Lekin turli inson huquqlari tashkilotlariga taqiq qo’yilgani va boshqa sabablarga ko`ra munosabatlar biroz yomonlashgan bo`lishi mumkin. Jurnalistlar xavfsizlik masalasiga e`tibor qaratsa o`rinli bo`lardi. Yoki savdo aloqalari… To'g'i, savdo aloqalari bor, lekin strategik sheriklik darajasida emas”, - deydi “XXI asr” gazetasi siyosiy sharhlovchisi Abduvali Soyibnazarov.
Mustaqil jurnalistning aytishicha, tanlovda o`zbek matbuoti imkoniyatlari cheklangani hisobga olingan.
“O`zbek jurnalistlari uchun bu tanlov juda qiziq, lekin masala ular qanchalik mavzuni yorita olishida. Falon nashrda ishlagan jurnalist o`z maqolasini faqat shu nashrda e`lon qilsin, degan ko`rsatma yo`q. Ya’ni jurnalist AQShga doir maqolasini istagan OAVda e`lon qilishi mumkin”, - deydi u.
“Ezgulik” inson huquqlari jamiyati vakili, jurnalist Abdurahmon Tashanovning so’zlariga ko`ra, matbuotda AQSh mavzusining yoritilishi jurnalistlarga bog’liq emas.
“Elchixona e`lon qilgan tanlov ko`proq internetga yozayotgan jurnalistlarga taalluqli deb o`ylayman. Chunki O`zbekiston axborot vositalarida, ayniqsa, matbuotda Amerika bilan bog`liq mavzuni hukumat ruxsatisiz yortish qiyin bo`ladi”, - deydi Tashanov.
Tanlov g`oliblari 2009 yil oxirida aniqlanadi.