Breaking News

Obama iqtisodiy yordam dasturini xalq hukmiga havola etadi


AQSh prezidenti Barak Obama bugun moliyaviy tanazzuldan eng ko’p talofat ko’rgan shtatlarda bo’ladi.

Muloqot paytida fuqarolar Obama bilan gaplashib, uning yordam dasturi haqida savol-javob qilishi mumkin. Prezident taklif qilayotgan loyiha hozir Kongressda muhokamada.

Barak Obama bugun Oq Uyda matbuot anjumani o’tkazib, moliyaviy dasturini xalqqa tushuntirib bermoqchi.

Obama moliyaviy tanglik urgan shtatlar – Indiana va Floridada bo’lib, omma dardini tinglaydi.

Ishsizlik darajasi bo’yicha bu ikki shtat oldinda, odamlar davlatdan ko’mak kutmoqda.

Barak Obamaning iqtisodiy yordam dasturi hozir Kongressda ko’rilmoqda. Prezident demokrat va respublikachi qonunchilar fikrini inobatga olishga tayyor. Biroq respublikachilar qarshiligi ortar ekan, Obama sabr kosasi to’lib bormoqda.

“8 yil davomida mamlakatni qarzga botirgan va’zxonlarni eshitib o’tirishga vaqt yo’q”, - deydi prezident.

Respublikachi qonunchilar fikricha, bu dastur ortiqcha sarf-xarajatdan iborat. “Amerika xalqi bu yukni ko’tara olmaydi”, - deydi qonunchi Mayk Pence.

Vakillar Palatasi qariyb 800 milliard dollarlik loyihani tasdiqlagan.

Senat hujjatni ertaga ovozga qo’yadi. Har ikki palata loyihaga tuzatish kiritgan. Endi tomonlar o’tirib, farq va tafovutlarni muhokama qilishi va bir to’xtamga kelishi kerak. So’ng loyihaga prezident imzo chekadi.

XS
SM
MD
LG