Obama ma'muriyati Yaqin Sharq muammolarini yechishda Suriyani muhim o'yinchi sifatida tan olmoqda. Kuzatuvchilarga ko'ra, rasmiy Damashq bilan muloqot jonlantirilishi mumkin, biroq AQSh Suriyaga elchisini qachon yuborishi hozircha noma'lum. Elchi uch yil burun Vashingtonga chaqirilgancha, Suriyaga qaytib bormagan. Shu hafta Senat Tashqi aloqalar qo'mitasi raisi Jon Kerri boshchiligidagi delegatsiya Damashqqa yo'l olmoqda.
AQSh siyosatchilarining Suriyaga tashrifi ikki mamlakat o'rtasidagi aloqalar iliqlashayotganidan dalolat. Ammo ularni ijobiy deb bo'lmaydi. Munosabatlarda izchillik yo'q. Shunga qaramay mintaqadagi muammolar o'zaro hamkorlikni taqozo etadi. AQSh bunga tayyorligini namoyish etmoqda. Qo'shma Shtatlar Suriyaga eskirib qolgan Boing samolyotlari uchun ehtiyot qismlarini sotishga, AQShdagi bankdan Suriyadagi hayriya tashkilotiga pulning o'tishiga ruxsat bergan.
AQSh matbuotiuga ko'ra bir necha hafta ichida Suriyaga yangi elchi tayinlanishi mumkin.
Damashq universitetida siyosatshunoslikdan dars beruvchi Marvan Kabalanning aytishicha, munosabatlar yaxshilanadi, biroq qay darajagacha ko'tarilishi hozircha noma'lum.
"Ayni damda ham Oq uyni, ham Kongressdagi ikkala palatani o'z qo'liga olgan demokratlar partiyasining yetakchi a'zolaridan biri Jon Kerrining Suriyaga tashrifi katta ahamiyatga ega," deydi suriyalik mutaxassis.
Oklaxoma universiteti professori Joshua Landis Suriyada ikki davlat o'rtasidagi aloqalar yaxshilanishiga umid katta deydi.
"Suriyaning AQSh bilan aloqalari hamisha mushkul bo'lgan. Shu sabab ular Obama ma'muriyatiga umid bilan qarasada, har ehtimolga qarshi salbiy ssenariyga ham tayyor," deydi Landis.
1967 yilgi urush davomida Isroil tomonidan tortib olingan yerlarni qaytarish Suriya tashqi siyosatidagi eng katta vazifa va maqsadlardan biri. Poytaxtdan 60 kilometr narida joylashgan G'olan tepaliklarini Damashqdan turib bemalol ko'rish mumkin.
"Tinchlik haqida ko'p gapiradigan Isroil bosh vaziri shuni bilsinki, "tinchlik" so'zi "yer" so'zi bilan chambarchas bog'liq. Ya'ni Isroil Suriya yerlarini qaytarishi lozim," deydi prezident Bashar al-Assad.
Biroq, deydi Karnegi markazining Bayrutdagi sho'basi rahbari Pol Salem, Isroildagi yangi konservativ hukumat Yaqin Sharq tinchlik jarayoni va AQSh-Suriya aloqalarining iliqlashishini to'xtatib qo'yishi mumkin.
"Isroildagi saylovlardan oldin Suriya bilan tinchlik muzokaralari haqida ko'p gap bo'ldi, biroq saylov natijalari bunga g'ov bo'lishi mumkin. Isroil tinchlik evaziga yer almashishga tayyor bo'lmasada, Qo'shma Shtatlar Suriya bilan aloqa qilishning yo'llarini topishi kerak," deydi Pol Salem.
Eng muhimi, deydi u, har ikki tomonda ham buning uchun xohish bor.
"Obama ma'muriyati Suriyaning mintaqada ijobiy rol o'ynashi maqsadida u bilan muloqot qilishni, siyosatini o'zgartirishga hissa qo'shishni istaydi."
Professor Joshua Landis Suriya AQShning ba'zi talablarini bajarib, u bilan hamkorlikka tayyor ekanini namoyish etmoqda deydi.
"Ikki davlat aloqalariga to'siq bo'layotgan hali ko'p masalalar bor. Masalan, Livanda saylovlar yaqinlashar ekan AQSh Suriyaning ushbu mamlakat ichki ishlariga aralashishini istamaydi. Suriya hali-beri AQShga elchisini tayinlamagan. O'rtada ishonchsizlik yo'q emas. Ammo tomonlar ishonch ko'prigini qurishga harakat qilyapti," deydi olim Landis.
Uning aytishicha, Suriya iqtisodiyotiga sarmoyalar kerak va rasmiy Damashq AQShdan 2004 yilda joriy etilgan iqtisodiy sanksiyalarini bekor qilishni so'ramoqda. Obama ma'muriyati bu borada hali munosabat bildirmagan.