Breaking News

Amerikada byudjet kamomadi 1 trillion dollardan oshgan


AQSh prezidenti Barak Obamaning aytishicha, iqtisodiy yordam dasturiga kiritilgan soliq chegirmalari birinchi apreldan e’tiboran kuchga kiradi.

Uzoq tortishuvlar ketidan qabul qilingan 787 milliard dollarga teng loyiha mamlakat iqtisodiyotini tiklashi kutilmoqda. Mablag’ning 36 foizi fuqaro va kichik bizneslar uchun soliqlarni kamaytirishga sarflanadi.

Barak Obama imzolagan qonun kuchga kirgach, Amerikada ishchi-mehnatkashlarning 95 foizi kamroq soliq to’lay boshlaydi. Hukumat ajratayotgan pulning salmoqli qismi fuqarolarning hamyoniga tushadi. Bu o’rtacha oila byudjetiga oyiga 65 dollar qo’shimcha pul degani.

Amerikada 4 milliongacha ish o’rinlari yaratish va o’sishga turtki berish maqsadida, shu hafta Obama ham qiymati, ham ko’lami jihatdan AQSh tarixidagi eng yirik iqtisodiy dasturga imzo chekdi.

Loyiha demokratlar hukmron Kongressning har ikki palatasida ma’qullangan bo’lsa-da, respublikachilar undan norozi.

“Qarshilikka sabab”, deydi respublikachi kongressmen Deyvid Kemp, “demokratlar ortiqcha sarf-xarajatga berilib, kelajak avlod haqida o’ylamayapti. Qarz oxir-oqibat ular gardaniga tushadi”.

Prezident Obama bu orada ko’chmas mulk bozorini tartibga keltirish uchun navbatdagi chora-tadbirlar bilan chiqmoqda. Qarzlarini to’lay olmay, uyidan ayrilayotgan 9 million amerikalik hukumatdan kompensatsiya olishi mumkin.

Obama fikricha bank-moliya tizimi islohoti va byudjet defitsitini kamaytirish bo’yicha ishni hoziroq boshlash zarur. Iqtisodchilar hisobicha, mazkur yilda AQShda defitsit ko’rsatkichi, Kongress ma’qullagan yordam dasturini hisobga olmaganda, 1.2 trillion dollarni tashkil etishi kutilmoqda.

Oq uy rasmiylariga ko’ra, badavlat fuqarolar uchun soliqlarni oshirish hamda Iroqdagi xarajatlarni qisqartirish hisobiga davlat qarzini kelasi 4 yilda 50 foizga kamaytirish ko’zlangan.

XS
SM
MD
LG