Breaking News

Obama Rossiya bilan aloqalarni yaxshilashga da'vat etilmoqda


Respublikachi va demokrat sobiq senatorlar va siyosatshunoslardan iborat guruh Obama ma'muriyatini Rossiya bilan aloqalarni yaxshilashga chaqirmoqda. Unga ko'ra, ikki davlat umumiy muammolar hamda Eronning ehtimoliy yadro tahdidiga qarshi hamkorlik qilishi lozim.

Guruh Vashingtondagi Nikson tahlil markazi va Garvard universiteti tomonidan tashkillashtirilgan bo'lib, unga sobiq senatorlar Garri Xart va Chack Xeygel boshchilik qiladi.

O'tgan hafta ular Rossiyaga safar qilib, prezident Dmitriy Medvedev bilan uchrashgan.

Garri Xartning aytishicha, Moskva ko'chalarida Amerikaga nisbatan Sovuq urush davridan ham salbiyroq munosabatni sezish mumkin.

Bunga, deydi guruh, ham Moskva, ham Vashington aybdor. Rossiyaning Gruziyadagi urushi va AQShning Yevropada mudofaa tizimini o'rnatish rejasi munosabatlarning yanada taranglashishiga olib kelgan, deya xulosa qiladi Xart-Xeygel guruhi.

"Qarashlardagi tafovutlarga urg'u berishdan ko'ra, umumiy maqsad va manfaatlarni muhokama qilish lozim. Bu oson bo'lmaydi," deydi Xart.

Kelasi oy Londonda o'tadigan xalqaro iqtisodiy sammitda Medvedev va Obama yuzma-yuz uchrashadi. Kuzatuvchilar ana shu uchrashuvga katta umid bog'lamoqda.

Sobiq senatorlar bilan uchrashgan Medvedev ham ikki davlat munosabatlarida yangi sahifa ochishga imkon borligini tan oladi.

Chak Xeygelning aytishicha, Qo'shma Shtatlar va Rossiya Eron masalasida yaqindan hamkorlik qilishi zarur.

"Moskvadagi uchrashuv chog'ida bu masalani obdan muhokama qilganmiz. Eron yadro tahdidini Rossiya ham aniq anglamoqda," deydi sobiq respublikachi senator.

XS
SM
MD
LG