AQSh Davlat departamenti matbuotdagi ba'zi xabarlarni rad etib, AQSh va uning ittifoqchilari Afg'oniston hukumatida prezident Hamid Karzayga raqobatda bo'ladigan yangi lavozim joriy etmoqchi emasligini aytgan. Obama ma'muriyatining Afg'oniston bo'yicha strategiyasi ustida ish deyarli o'z nihoyasiga yetgan.
AQSh ma'murlarining Karzay prezidentligidan ko'ngli to'lmagan bo'lsada, Afg'oniston hukumatida bosh vazir yoki shunga o'xshash lavozim yaratish rejasi yo'q, deydi Davlat departamentidagi ba'zi rasmiylar. Britaniyaning "Guardian" gazetasi kechagi sonida shu mazmunda maqola chop etgan. Unga ko'ra, Obama ma'muriyatining Afg'oniston bo'yicha qayta ko'rilgan strategiyasida mamlakat boshqaruvi tizimiga o'zgarish kiritilishi mumkin, chunki g'arb siyosatchilari Karzay hukumatida korrupsiya avj olib, prezident layoqatsiz bo'lib qolganidan norozi.
AQShning Afg'oniston va Pokiston bo'yicha maxsus vakili Richard Xolbruk "Guardian"dagi maqolani quruq safsata deb atagan. Bunday siyosiy islohotlarni afg'onlarning o'zi hal qiladi, deydi Xolbruk.
Yangi strategiyaning nimadan iborat ekani hozircha oshkor etilmayapti, ammo departament matbuot kotibi Robert Vudning aytishicha, mintaqadagi ahvolni yaxshilash maqsadida hujjatdan siyosiy, iqtisodiy va harbiy omillar o'rin olgan.
"Biz Afg'onistonda keragidan ortiq bo'lish niyatimiz yo'q. Afg'on xalqi ham bizning Afg'onistonda qolishimizni istamayapti. Yangi strategiya ana shu maqsadlarga yetishishimizga yordam beradi," deydi Vud.
Hujjatning qachon e'lon qilinishi hozircha aniq emas. Oy oxirida Davlat kotibi Xillari Klinton Gaagada BMT tomonidan Afg'oniston mavzusiga bag'ishlangan xalqaro anjumanda ishtirok etadi. Unda Eron ham qatnashishi mumkin. Ammo Klinton Eron rasmiylari bilan uchrashadimi, yo'qmi, hozircha noma'lum.
BMT Xavfsizlik Kengashi kechagi majlisida tashkilotning Afg'onistondagi yordam missiyasi muddatini bir yilga cho'zgan. BMT mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurash, qonun ustuvorligini ta'minlash, gumanitar yordamni yetkazish kabi dasturlarni amalga oshiradi.
Bugun NATO kuchlari Kobul yaqinidagi nazorat punktida to'xtash ishorasiga amal qilmagan haydovchini otib o'ldirgan. BMT hisobiga ko'ra, o'tgan yili jangarilar xurujlari va NATO harbiy operatsiyalari oqibatida 2 mingdan ziyod tinch aholi halok bo'lgan.
Mamlakatning janubdagi Uruzgon viloyatida esa masjidda bomba portlab, kamida 5 kishi, jumladan masjid imomi o'lgan.