Breaking News

Obama iqtisodiyot tiklanishiga ishonadi


Kecha Oq uyda prezident Barak Obama matbuot anjumani o'tkazib, jamoatchilikka iqtisodiy siyosati va yangi byudjet haqida kengroq ma'lumot berishga harakat qildi. Uning aytishicha, AQSh krizisdan asta-sekin oyoqqa turmoqda.

"Krizisdan o'tish uchun vaqt kerak. Byudjet loyihasi hozirgi iqtisodiy muammolarga davo," deydi Obama.

AQSh rahbari xalqdan uning dasturlari va siyosatiga ishonishni so'rab, moliyaviy institutlarni nazorat qilish zarurati haqida so'zladi. Xalqaro moliya sektori ham isloh etilishi lozim, ammo buning uchun jahonda yagona valyutani joriy etish shart emas, deydi Obama.

U kelasi hafta Londonda o'tadigan sanoatlashgan 20 davlat sammitiga borishini aytib, ish o'rinlarini yaratish va iqtisodiyotni jonlantirish mavzusiga alohida e'tibor qaratishini bildirdi.

Kongressdagi respublikachilar prezidentni moliyaviy mas'uliyatsizlikda ayblab, u taklif qilayotgan byudjet kamomadni yanada oshiradi deydi.

Viskonsin shtatidan kongressmen Pol Rayanning aytishicha, hukumat avvalambor davlat qarzini nazorat etishi zarur, ammo Obama byudjeti ichki qarzni kelasi olti yilda ikki baravarga, kelasi 10 yilda esa uch karra oshiradi.

Respublikachilar Obama ularning byudjet va iqtisodiyot bo'yicha bergan takliflarini inkor etganidan noliydi.

"Byudjetni qaytadan tuzib chiqish kerak va prezident biz bilan bu borada hamkorlik qiladi degan umiddaman," deydi respublikachilarning Vakillar Palatasidagi sardori Jon Boner.

Obama matbuot anjumanida tashqi siyosatga ham to'xtaldi. Isroilda konservativ kuchlar hokimiyat tepasiga kelgan bo'lsada, Yaqin Sharqda tinchlikka hali ham umid bor, deydi Obama.

Shuningdek Eron bilan munosabatlarda iliqlik paydo bo'lishiga ishonch bildirdi. Ammo o'zgarish bir kunda bo'lmaydi, Eron ham o'z yadro dasturidan darhol voz kechadi deb o'ylamaslik lozim, deydi Obama.

XS
SM
MD
LG