Breaking News

NATO Rossiya bilan mustahkam aloqalar tarafdori


Shimoliy Atlantika Harbiy bloki - NATO yaqinda Rossiya bilan aloqalarni tiklashga qaror qilgan. Munosabatlar o'tgan yil avgust oyida Gruziyadagi urush ketidan muzlatilgan edi. Munosabatlar bundan keyin qanday kechadi?

NATO Afg'onistonda 2003 yildan beri faoliyat yuritadi. Mamlakatda BMT mandati asosida harakatlanayotgan 60 ming qo'shini bor. Tashkilot 60 yillik tarixi davomida ilk bor o'z jug'rofiy zonasidan tashqarida harbiy missiyani amalga oshirmoqda.

AQSh Afg'onistonda 38 ming qo'shiniga ega, ularning bir qismi NATO bayrog'i ostida xizmat qiladi.

Tahlilchilarga ko'ra, Qirg'iziston hukumatining AQSh harbiylarini "Manas" bazasidan chiqarish qarori AQSh va NATOning Afg'onistondagi operatsiyalariga pand berdi.

Bill Klinton prezidentligi davrida AQShning NATOdagi elchisi bo'lgan Robert Xanterning aytishicha, hammasiga Rossiya aybdor.

"Rossiya Qirg'iziston hukumatiga bosim qo'ygan. "Manas" orqali Afg'onistonga yuklar o'tib turar edi. Ammo endi Rossiya buning uchun o'z hududidan foydalanishni taklif qilmoqda," deydi Xanter.

Kolumbiya universiteti professori Robert Legvold nazarida Rossiyada Afg'oniston masalasida ikki xil fikr hukm suradi.

"Ularga NATO va AQShning Markaziy Osiyoda bo'lishi yoqmayapti. Shu bilan birga Kreml Tolibonning hokimiyat tepasiga kelishini istamaydi, chunki Markaziy Osiyo beqarorlikka yuz tutishi mumkin. Biroq hozircha Rossiyadan foyda bo'lmayapti," deydi Legvold.

NATO Bosh kotibi Yaap de Xup Sxeffer Afg'oniston masalasida Rossiya bilan hamkorlik qilishdan umidvor.

"Rossiya bunga qiziqish bildirdi. Bu ijobiy hol. Markaziy Osiyo davlatlari bilan ham muqobil marshrut bo'yicha muzokara qilyapmiz," deydi Sxeffer.

Prinston universiteti professori Jeyson Layal Rossiya NATO va AQSh bilan Afg'oniston borasida hamkorlik qilishiga shubha qiladi.

"Rossiya AQShga qanday yordam berishi ham mumkin? Uning Afg'onistonga ta'siri bor deb o'ylamayman. Aksincha, ular AQSh ishiga, askarlar va yukni mintaqaga olib kirishga to'siq qo'yishga harakat qiladi."

Layal fikricha Kremlning AQSh yoki NATOga Afg'oniston borasida yordam haqidagi gaplari samimiy emas.

"Rossiya yukning o'z hududidan o'tishiga qator cheklovlar qo'ymoqda. Rossiyaning Afg'oniston bilan chegarasi bo'lmagani uchun, yukni havo orqali tashish kerak. Havodan esa barcha yukni ham tashib bo'lmaydi. Umuman tushunib bo'lmaydigan holat. Bir tomondan Rossiya yordam bermoqchi, boshqa tomondan esa "Manas" bo'yicha qarorning qabul qilinishida qo'li bo'lgan," deydi Prinston universiteti mutaxassisi.

NATOning Afg'onistondagi operatsiyalari va Rossiyaning roli kelasi hafta alyansning 60 yilligi munosabati bilan o'tadigan tadbirlar davomida obdon muhokama qilinadi.

XS
SM
MD
LG