Breaking News

Yangi mintaqaviy strategiya Afg'oniston, Pokistonga ma'qul


Pokiston va Afg’oniston Qo’shma Shtatlarning yangi mintaqaviy strategiyasini olqishlamoqda. Reja har ikki davlatga harbiy va noharbiy yordamni oshirish, afg’on armiyasini kengaytirish va bu ishga qo’shni davlatlarni ham jalb qilishni ko’zlaydi.

Unda diplomatiya va taraqqiyot dasturlari muhim o’rin egallaydi. Shu maqsadda, AQSh rahbari Barak Obama Kongressdan Pokistonga kelasi 5 yil davomida, yiliga 1.5 milliard dollar ajratishni so’ramoqda.

Pokiston Bosh vaziri Yusuf Rizo G’iloniy tashabbusni olqishlar ekan, mablag’ mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishga, aholi turmushini yaxshilashga xizmat qiladi deydi. Vazir xususan jangari guruhlar qo’nim topgan qabilaviy hududlarga ishora qilgan.

“Qabilaviy jamoalar markaziy hukumat bilan to’la hamkorlik qilishiga ishonamiz”, deydi G’iloniy. Uning aytishicha, mamlakat tinchligini buzishga urinayotganlar ozchilikni tashkil etadi.

Bayonotdan sal avval Pokistonning Xaybar mintaqasidagi masjidda portlash ro’y berib, 50 kishi halok bo’lgan. 70 nafari jarohat olgan, jumladan politsiyachilar. Jangarilar bu yerda AQSh va NATOga atalgan harbiy yuklarni tez-tez nishonga oladi. Afg’on-Pokiston chegara hududini ekstremist guruhlardan tozalash AQSh strategiyasida bosh maqsad qilib belgilangan.

“Terror xavfi Pokistondan kelayotgani tan olinganidan mamnunmiz”, - deydi Afg’oniston prezidenti so’zlovchisi Xumoyun Hamidzoda. “Al-Qoidaga qarshi kurashni chegaradagi qabilaviy hududlardan boshlash kerak”.

Prezident Obamaning ta’kidlashicha Afg’oniston muammosi Pokiston va boshqa davlatlar hamkorligisiz hal bo’lmaydi. Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari Afg’onistonga iqtisodiy yordamni oshiramiz demoqda.

XS
SM
MD
LG