Breaking News

Gaagada Afg'oniston bo'yicha anjuman o'tkazildi


AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton jahon ahlini Afg'onistonga imkon qadar ko'proq iqtisodiy va siyosiy yordam berishga da'vat etmoqda. Klinton Gaagada Afg'oniston mavzusida o'tgan bir kunlik anjumanda qatnashdi.

Xillari Klinton o'z nutqida mamlakatlarni global moliyaviy inqirozni bahona qilmasdan, Afg'onistonga yordam qo'lini cho'zishga chaqirgan. Beqaror Afg'oniston xalqaro xavfsizlik uchun tahdiddir, deydi Klinton.

"Mamlakatni barqarorlashtira olmasak, oqibatlari nafaqat afg'on xalqi uchun, balki kollektiv xavfsizlikni ta'minlashga urinayotgan davlatlar uchun yomon bo'ladi," deydi Klinton.

Obama ma'muriyati Afg'onistonga qo'shimcha 17 ming askar hamda mahalliy armiya va politsiyani tayyorgarlikdan o'tkazadigan 4 ming mutaxassis yuborishga qaror qilgan. Afg'oniston armiyasi va politsiyasining har bir bo'linmasida bittadan xalqaro instruktor bo'lishi lozim. Armiya soni 134 minggacha, politsiyachilar soni esa 82 minggacha oshirilishi kerak. Tolibon va al Qoida sobiq jangarilarining jamiyatga qaytishiga sharoit yaratish zarur, deydi davlat kotibi.

Afg'oniston prezidenti Hamid Karzayning anjumanda so'zlashicha, mamlakat Tolibon qulaganidan beri o'zini rostlab olgan va xalqaro hamjamiyatning to'la a'zosiga aylangan.

"Afg'oniston demokratiya va qonun ustuvorligi tomon qadam tashlamoqda," deydi Karzay.

NATO Bosh kotibi Yaap de Xup Sxeffer Yevropani afg'on masalasida hamjihat bo'lishga chaqirib, bu faqat AQShning urushi emas degan.

Anjumanda 80 dan ortiq davlat rasmiylari ishtirok etgan.

XS
SM
MD
LG