Breaking News

AQSh Afg'onistonda Rossiya, Xitoy va Hindistonga tayanadi


AQShning Afg’oniston va Pokistonga nisbatan yangi strategiyasi negizida mintaqaviy hamkorlik yotadi. Prezident Barak Obama fikricha bu ikki mamlakatdagi muammolar bir-biriga chambarchas bog’liq ekan, chegaraning har ikki tomonini yagona front deb ko’rish lozim.

Shuningdek Xitoy, Hindiston va Rossiyani ham bu missiyaga jalb qilish ko’zlangan.

Mintaqaviy hamkorlik haqida gapirganda avvalo mintaqa davlatlarining bir-biri bilan munosabati hamda ularning Afg’oniston va Pokistondagi vaziyatga ta’sirini inobatga olish lozim. Azaldan murakkab aloqalarga ega Hindiston va Pokiston bunga yaxshi misol. Ular bir-birining mintaqadagi maqsad va manfaatlariga shubha bilan qaraydi.

“Haqiqat shuki”, deydi AQShning Pokistondagi sobiq elchisi Vendi Chamberlein, “Afg’oniston, Pokiston, Hindiston va AQSh umumiy dushman bilan yuzlashmoqda. Al-Qoida faqatgina G’arb davlatlariga qarshi hujumlar uyushtirayotgani yo’q. Dehli va Islomobod o’rtadagi adovatni chetga surib, umumiy dushman haqida o’ylashi kerak”.

Pokiston nazarida Hindiston Afg’onistondagi operatsiyasida ishtirokidan mintaqaviy nufuzini oshirish uchun foydalanishi mumkin. O’rtada ishonchli aloqalarni yo’lga qo’yishda AQSh muhim rol o’ynay oladi, deydi tahlilchi Liza Kurtis.

“Hindiston Afg’onistonga ochiq yordam berishi kerak. Chunki u yerdagi tinchlikdan manfaatdor. AQSh o’rinsiz gumon va ayblovlarga e’tibor bermasligi kerak”, - deydi mutaxassis.

Tahlilchilar nazarida Rossiya Afg’onistonga nisbatan mintaqaviy yondashuvni belgilovchi davlat. Lekin …

“Rossiya AQShning Markaziy Osiyodagi manfaatlariga shubha bilan qaraydi”, - deya qayd etadi osiyoshunos olim Shon Roberts. “Kreml nazarida AQSh Afg’onistonda harbiy harakatlar olib borib, aslida kengroq maqsadni ko’zlamoqda, ya’ni mintaqada doimiy o’rnashib olish”, - deydi Roberts.

Shu o’rinda, Qirg’izistonning AQSh havo kuchlarini Manas aerodromidan chiqarish qarori ortida Rossiya turgani gumon qilinadi.

Obama ma’muriyati Afg’oniston masalasida Eron bilan ham til topishishga harakat qilyapti. Tahlilchi Karim Sajdapur nazarida Vashington Tehron bilan Afg’oniston bo’yicha hamkorlik qilishga majbur.

“Bunda Eronning yadro dasturi, terrorchi tashkilotlarga moliyaviy yordami kabi nozik masalalar chetga surilishi kerak”, - deydi siyosatshunos. Eron qoradori savdosi va Tolibon xavfidan bezigan jamiyat va Afg’onistondagi tinchlik ko’p jihatdan uning xavfsizligini ham ta’minlaydi.

XS
SM
MD
LG