Breaking News

Markaziy Osiyo - NATO aloqalarida Rossiya dallollik qilmoqda


Germaniya - Fransiya chegarasida o'tkazilayatgan NATO sammiti Afg'onistonda xalqaro qo'shin ta'minoti va xavfsizlik masalasiga qaratildi.

Malumotlarga ko'ra Markaziy Osiyo davlatlari, xususan, O'zbekiston, Turkmaniston va Qozog'iston bu borada hamkorlikka tayyor.

Sharhlovchilar nazarida NATO bilan aloqalar rivoji nafaqat harbiy, balki geosiyosiy jihatdan ham muhim.

Demokratik jamoatchilik NATOni nafaqat harbiy blok, balki hamkorlik qilyayotgan mamlakatdagi inson huquqlari bilan bog'liq vaziyatga e'tibor qaratuvchi xalqaro tashkilot sifatida ko'radi.

Siyosiy sharhlovchi Abduvali Soyibnazarovga ko'ra, NATO sammitida Afg'oniston bo'yicha, shuningdek tashkilot tarkibini kengaytirish kabi murakkab masalalarda muhum qarorlar qabul qilinadi.

"O'zbekiston - NATO munosabatlari mo'tadil rivojlanmoqda, Afg'oniston bo'yicha NATO kuchlari Termezdagi aerodromdan foydalanib kelishadi, munosabatlarni rivojlanishiga biror to'siq yo'q", - deb hisoblaydi Soyibnazarov.

O'zbekiston, NATO doirasida o'tkaziladigan "Tinchlik yo'lida hamkorlik" harbiy amaliyotlarida ham qatnashib keladi.

Tahlilchilarga ko'ra, NATO bilan hamkorlikni rivojlantirish Afg'oniston masalasidan tashqari turli geosiyosiy kuchlar qurshovida qolgan mintaqa xavfsizligi uchun ham muhumdir.

Siyosiy sharhlovchi Iskandar Xudoyberganov nazarida O'zbekiston - NATO bilan hamkorlikni rivojlantirishga siyosiy jihatdan ham tayyor bo'lishi kerak.

"Biroq haqiqatdan O'zbekistonda shunday iroda borligiga shubham bor. Sabab intilish bo'lganda aloqalar rivojlanishi kuzatilgan bo'lar edi. Hozir esa bir o'yin ketayotgandek. Chunki, biror davlat demokratik yo'nalishda haqarat qilmas ekan, NATO bilan ham, Yevropa bilan ham aloqlari rivojlanmaydi. Bu esa munosabatlarni salom-alik darjasida qoldiradi xolos, taraqqiyotda darak bo'lmaydi", - deydi Xudoyberganov.

Ayni paytda NATO tarkibini kengayib, Sharq tomon siljishi Rossiyaning qattiq qarshiligiga uchrab kelmoqda.

Yaqinda AQSh prezidenti Barak Obama NATO kengayisin, biroq Rossiya bilan munosabatni keskinlashtirmaymiz, deya ta'kidladi.

Oq uy asosiy diqqatini Afg'oniston masalasiga qaratar ekan, u yerdagi amaliyotlarga Rossiyani ham jalb qilish xalqaro muhokamalar markaziga chiqmoqda.

Siyosatdonlar Markaziy Osiyo davlatlari o'z bilganicha, Rossiya bosimidan xoli tarzda NATO bilan aloqa qilishi qiyin kechadi deydi.

“NATO ham, AQSh ham Afg'oniston masalasida mintaqa davlatlariga murojaat qilib, ularni yordami muhum ekanligini so'rab turgan bir paytda Qirg'iziston Manasdan AQSh harbiylarini chiqarib yuborishi teskari, g'alati qarordir. Bunday harakat ortida Rossiya turganini sezish qiyin emas", - deydi sharhlovchi Farxod Tolipov.

Sharhlovchilarga ko'ra, mintaqa mudofaa tizimidagi, harbiy-texnik sohadagi hamkorlik asosan Rossiya bilan cheklanib qolayotgani ham NATO bilan munosbatlar rivojlanishiga to'siqinlik qilayotgan omillardan biridir.

XS
SM
MD
LG