Breaking News

Pokistonda vaziyat yomonlashmoqda


"Vashington Post" gazetasining xabar berishicha, Pokistonda ekstremistlar tobora kuchayib bormoqda.

Pokiston hukumati jangarilar faol chegara hududlarida mahalliy qabilalar bilan tinchlik bitimi tuzgach, Svot vodiysidagi islomiy jangarilar butun mintaqada sha'riy qonunlarni joriy etishga ahd qilganini aytmoqda. Ulardan biri So'fi Muhammad adliyaga aloqador ishlar konstitutsiya yoki mamlakatdagi qonunlar emas, shariat asosida ko'rib chiqilishini ta'kidlagan.

"Svotda barcha noislomiy qonunlar bekor qilinadi. So'ng esa bunday tuzum boshqa hududlarga ham ko'chiriladi," deydi So'fi Muhammad. Vodiyda bir yarim million aholi istiqomat qiladi.

Poytaxt Islomobodda esa yana bir radikal peshvo Mavlono Abdul Aziz juma namozi paytida musulmonlarni sha'riy qonunlarni mamlakat bo'ylab tadbiq etish harakatiga qo'shilishga da'vat etgan.

Pokistonlik professor Rifat Husaynning aytishicha, hukumat jangarilar bilan bitim tuzib, islomiy kuchlar maqsadlarini amalga oshirish yo'lida ularga huquqiy asos berib, xato qilgan. Endi ular rejalarini butun mamlakat bo'ylab yoyadi. Hukumat xurujlarga chek qo'yish maqsadida ular bilan tinchlik bitimi tuzgan, ammo zo'ravonliklar bundan keyin faqat ko'payadi, deydi professor Husayn.

AQShning Afg'oniston va Pokiston bo'yicha maxsus vakili Richard Xolbruk ham shunday fikrda. Uning aytishicha, bunday odamlar bilan kelishib bo'lmaydi. Pokiston hukumati ogoh bo'lishi zarur.

O'tgan hafta Tokioda xalqaro donorlar anjumanida Pokiston iqtisodiyotini yaxshilash va jangarilarga qarshi kurash uchun 5,5 milliard dollar yordam va'da qilingan.

Richard Xolbrukning aytishicha, mamlakat g'arbida mahkam o'rnashib olgan Tolibon va al-Qoida kabi guruhlarning qayta oyoqqa turishi jiddiy xavf.

Qabilalar va hukumat o'rtasidagi bitim tarafdorlarining aytishicha, mahalliy aholi uzoq vaqtdan beri diniy qonunlarni talab qilgan, chunki ular nazarida korrupsiyaga botgan dunyoviy adliya tizimi samara bermayapti.

"Vashington Tayms" gazetasi Afg'onistonda qoradori savdosiga qarshi kurashda katta yutuqlarga erishilayotgani haqida yozadi. Xususan, AQSh va afg'on kuchlarining hamkorlikdagi operatsiyasida qidiruvdagi 7 nafar qoradori savdogari qo'lga olinib, Tolibon afyundan geroin tayyorlashga ko'proq qo'l urayotgani ayon bo'lgan.

BMTning Narkotiklar va jinoyatchilikni o'rganish idorasiga ko'ra, toliblar afyun yetishtiruvchi dehqonlarga qo'yilgan soliqdan yiliga 50-70 million dollar, afyunni qayta ishlab, undan tayyorlangan narkotiklar savdosidan 200-400 million dollar atrofida pul ishlaydi.

Qo'shma Shtatlar Afg'oniston hukumati bilan narkosavdoga qarshi kurashda hamkorlikni kuchaytirgan, deydi AQSh Narkotiklarga qarshi kurash boshqarmasi vakili Rasti Peyn.
Afg'on geroinining 5 foizi AQShga, qolgan qismi esa Yevropa va Rossiyaga yuboriladi, deydi rasmiy.

Boshqarma sobiq agenti Maykl Braunning aytishicha, Afg'onistonda qoradori biznesini terrorizmdan ajratib bo'lmaydi. Tolibon narkotiklar savdosidan tushgan pulga qurol-yarog' sotib olib, hokimiyatni ag'darishga intiladi.

XS
SM
MD
LG