Breaking News

Qirg'iz muxolifati prezidentlikka nomzod tanladi


Qirg'izistonda prezident saylovlari 23 iyulga belgilangan ekan, birlashgan muxolifatdan yagona nomzod aniqlandi. 53 yoshli sobiq bosh vazir Olmosbek Atambayev saylovlarda prezident Qurmanbek Bakiyevning asosiy raqibi bo'lishi kutilmoqda.

Bir necha partiyadan iborat birlashgan muxolifat 25 aprel kuni qurultoy o'tkazib, Sotsial-demokratlar partiyasi lideri Olmosbek Atambayev nomzodini rasman e'lon qiladi. Atambayev Bakiyev hukumatida 7 oy bosh vazir bo'lgan. Undan oldin esa sanoat vazirligini boshqargan.

Siyosiy, diniy va xavfsizlik masalalari tadqiqoti bilan shug'ullanuvchi Bishkekdagi "Sedep" markazi eksperti Nuriya Kutnayevaning aytishicha, Atambayev ham ijobiy, ham salbiy xususiyatlarga ega siyosatchi.

"Ijobiy xususiyatlari shundan iboratki, Atambayev siyosiy sahnada uzoq vatqdan beri faoliyat yuritadi. Mamlakatda taniqli arbob, iqtisodchi va sanoatchi. Bosh vazir sifatida rahbarlik tajribasini orttirgan," deydi qirg'izistonlik mutaxassis.

"Atambayevning 2007 yili muxolifatchilar haqida aytgan gapi unga saylovlarda pand berishi mumkin. O'shanda Atambayev namoyishchilarni "bir to'da qo'y", namoyish tashkilotchilarini esa "mollar" deb atagan edi. Bundan tashqari uning bir vaqtlar Bakiyev safdoshi bo'lgani ham saylovchilarning ko'nglini qoldirishi mumkin," deydi Nuriya Kutnayeva.

Qirg'izistonning AQShdagi sobiq elchisi Baktibek Abdurisayevning aytishicha, Atambayev saylovlarda Bakiyevga teng kela olmasligi mumkin.

"Bakiyevni mag'lub qila oladigan kuchli nomzodni ko'rmayapman. Bundan tashqari davlatning ma'muriy resurslari amaldagi prezident foydasiga ishlatiladi. Siyosiy partiyalar omma fikriga ta'sir qiladigan darajaga hali ko'tarilmagan," deydi Abdurisayev.

Sobiq elchiga ko'ra, muxolifat tarkibida va xususan prezidentlikka nomzodning o'zi hokimiyatdan chiqqani bois xalq ularni haqiqiy muxolifat sifatida qabul qilmayapti.

Olmosbek Atambayevning nomzod sifatida ko'rsatilishiga birlashgan muxolifatga kirmagan boshqa siyosiy guruhlar qarshi chiqqani aytiladi. Ushbu partiyalar o'z nomzodlarini mustaqil ravishda ko'rsatmoqchi.

Ayrim kuzatuvchilar nazarida Bakiyevga qarshi munosib raqibning yo'qligi muxolifat yetakchilarining turli sabablarga ko'ra siyosiy sahnadan chetlashi bilan bog'liq. Masalan, "Ota-Makon" partiyasi rahbari Omurbek Tekebayevga qarshi provokatsiya uyushtirilgani aytilmoqda. Sobiq Tashqi ishlar vaziri Alikbek Jekshenkulov hibsda. Prezident mahkamasining sobiq rahbari Medet Sadirqulov yaqinda avtohalokatda nobud bo'ldi. Prezidentlikka birinchilardan o'z nomzodini qo'ygan sobiq mudofaa vaziri general Ismoil Isoqovga nisbatan esa bir necha oy burun jinoiy ish qo'zg'atilgan edi.

Kuzatuvchilar muxolifat zaiflashgan deydi. Ularning safini kuchaytirish maqsadida ikki yirik partiya birlashishi mumkinligi aytilmoqda - Ota-Makon va Sotsial-demokratlar.

Prezidentlikka nomzodlarni qabul qilish 18 mayga qadar davom etadi.


XS
SM
MD
LG