Breaking News

Obama soliq kodeksini isloh qilmoqchi


Prezident Obama mamlakat soliq kodeksiga o'zgartirishlar kiritishni taklif qilmoqda. Ulardan biri xorijda foyda ko'rayotgan amerikalik kompaniyalarga AQShda berilgan imtiyozlarni bekor qilish. Agar Kongress soliq islohotini qo'llab-quvvatlasa, davlat xazinasi 200 milliard dollarga boyishi mumkin.

Prezident Obama hozirgi soliq kodeksida ba'zi kompaniyalarga yetarlicha soliq to'lamaslik yoki ularni yashirish imkonini beradigan moddalar bor, deb uni isloh qilmoqchi.

"Qonunchilikdagi bu kabi kamchiliklarni bartaraf etmoqchimiz. Chunki ayrim kompaniyalar xorijda soliq to'layapmiz deb, Amerikadagi soliqlardan qochadi, xorijda esa Amerikada soliq to'layapmiz deb, umuman soliq to'lamaslikka intiladi," deydi Obama.

Prezident off-shor zonalari hisoblanmish Kayman va Bagama orollaridagi banklarda hisob raqamlariga ega AQSh kompaniyalari moliyaviy faoliyatiga tiniqlik kiritish zarur deydi.

"Ish o'rinlarini chetda emas, Amerikada yaratayotgan, tadqiqot va taraqqiyotga sarmoya kiritayotgan kompaniyalarga soliq imtiyozlari berish kerak," deydi Obama.

Qonun Kongress tasdig'idan o'tgan taqdirda soliq imtiyozlari xorijda ishlayotgan kompaniyalardan olinib, AQSh iqtisodiyotini ko'tarayotgan firmalarga beriladi.

Moliya vaziri Timoti Geytner hukumat buning uchun qo'shimcha 800 soliq inspektorini yollaydi deydi.

Yangi soliq kodeksi, qonunchilar tomonidan ma'qullansa, 2011 yildan ishga tushadi. Biroq unga qarshi chiqayotgan 200 dan ziyod kompaniya vakillari Kongressdan unga qarshi ovoz berishni so'ramoqda.

XS
SM
MD
LG