Breaking News

Al Qoida-Tolibon hamkorligi kuchaymoqda


AQSh Qurolli Kuchlari Bosh shtabi rahbari Mayk Myullenning aytishicha, Afg'oniston va Pokistonda harakat qilayotgan Tolibon va al Qoida jangarilari aloqasining kuchayayotgani tashvishga molik. Admiral bu haqda Senatdagi tinglovda so'zlagan.

AQShning birinchi raqamli harbiysi Mayk Myullenga ko'ra, Tolibon Afg'onistonda hokimiyatni o'z qo'liga olishni maqsad qilib olgan.

"Yaman, Somali va boshqa joylarda harakat qilayotgan al Qoida esa bundan foydalanib, Afg'onistonda chuqur ildiz otmoqchi. Har ikkisining niyati bir - g'arbni qo'rqitish," deydi Myullen.

"Al Qoida asosan Pokistondan turib harakat qilmoqda. So'nggi ikki yil davomidagi kuzatuvlar shuni ko'rsatadiki, guruhning Tolibon harakati bilan aloqalari kuchaygan. Bu xavotirga molik," deydi admiral.

Myullen Afg'onistonga qo'shimcha 21 ming askar safarbar etish siyosatini qo'llab-quvvatlaydi. Ammo senatorlarning bu hol toliblar va al Qoidani Pokistonga siqib chiqarib, u yerdagi vaziyatni yanada murakkablashtirishi mumkinmi, degan savoliga admiral aniq javob bera olmagan.

"Bilmayman," deydi Myullen, "ammo shu narsa aniqki, Pokiston, ba'zilar taxmin qilganidek, batamom beqarorlashadigan ahvolda emas."

Senat Tashqi aloqalar qo'mitasi raisi Jon Kerrining aytishicha, yadro quroli va 170 millionlik aholiga ega Pokiston juda ham qaltis ahvolda.

"Davlat tizgini qo'ldan chiqsa, qo'shni davlatlar va butun dunyoga katta tahdid solishi mumkin," deydi Kerri.

AQSh Kongressi Pokistonga kelasi 5 yil ichida 7,5 milliard dollarlik yordamni o'z ichiga olgan qonun loyihasini ko'rib chiqmoqda.

XS
SM
MD
LG