Breaking News

Janubiy Koreya sobiq rahbari o'z joniga qasd qildi


Janubiy Koreya matbuotiga ko'ra, sobiq prezident No Mu Xen qoyadan sakrab, o'z joniga qasd qilgan. Sobiq rahbar unga qo'yilayotgan korrupsiya ayblovlariga ruhan dosh bera olmagan bo'lishi mumkinligi aytilmoqda.

Mamlakatni besh yil boshqargan prezidentning o'limi Janubiy Koreyani larzaga soldi. Marhum oilasining advokatiga ko'ra, No Mu Xen o'limidan oldin xat qoldirgan.

Unda aytilishicha, tergov sobiq prezidentning halovatini yo'qotgan. "Kitob ham o'qiy olmayapman. Meni ayblamanglar, hayot ham, o'lim ham bir xil" deb yozgan u. Sobiq rahbar jasadini yoqishni, kulini esa tug'ilib o'sgan qishlog'iga ko'mishni vasiyat qilgan.

No Mu Xen va uning oilasi bir tadbirkordan millionlab dollar pora olganlikda gumon etilib, tergov ostida edi. O'tgan oy u 10 soatdan ortiq davomida savollarga tutilgan. Prokuror uni hibsga olishga ko'rsatma berishi kutilayotgan edi.

No Mu Xen 2002 yilgi saylovlarda korrupsiyaga qarshi kurashish va hukumatni tozalash shiori ostida qatnashib, g'alaba qozongan edi.

Janubiy koreyaliklarning ba'zilari uning o'z hayotiga qasd qilganini qoralasa, boshqalar No Mu Xen bu bilan ayblovlarni o'z bo'yniga olganini aytadi.

Ba'zi siyosiy kuzatuvchilarga ko'ra, sobiq prezidentning tergov bosimi ostida o'zini o'ldirishi prokurorlarga qarshi norozilikka aylanishi va No Mu Xen tarafdorlari tomonidan namoyishlarga sabab bo'lishi mumkin.

XS
SM
MD
LG