Breaking News

Pokistondagi xurujdan 23 ga yaqin kishi o'lgan


Bugun Pokistonning Lohur shahrida, gavjum ko'chada bomba portlab, kamida 23 kishi o'lgan, 200 dan ziyodi jarohatlangan. Politsiya boshqarmasi nishonga olingan.

Bomba solingan mashina imorat ichkarisiga kirishga harakat qilgan, ammo uddasidan chiqmagan. Politsiyachilar unga qarata o'q uza boshlagan. Shu payt bomba portlab, imoratni vayron qilgan, atrofdagi mashinalar ham portlagan.

Guvohlarga ko'ra, portlash juda katta kuchga ega bo'lgan. Shu paytgacha 4 kishi hibsga olingan. Ichki ishlar vaziri Rahmon Malik vazirlik xavfsizlikni ta'minlay olmayapti degan ayblovlarga shunday javob berdi.

"Qo'limizdan kelgancha harakat qilyapmiz. Unutmangki, mamlakat jangarilarga qarshi urush olib bormoqda," deydi vazir.

Hukumat xurujda Tolibonni ayblamoqda. Biroq hozircha hech kim uni o'z bo'yniga olgani yo'q.

Pokiston armiyasi oy boshidan beri Svot vodiysida jangarilarga qarshi operatsiya o'tkazib, 1100 ga yaqin tolibni yo'q qilgan. 63 askar halok bo'lgan. Jon saqlash maqsadida hududni kuniga 126 ming kishi tark etmoqda. Urush zonasida 200 mingga yaqin odam qolgan.

Politsiya fikricha, Lohurdagi xuruj jangarilarning shu operatsiyaga javobidir.

XS
SM
MD
LG