Breaking News

Pokiston: Etnik ziddiyatlar beqarorlik ortidagi muhim omillardan


Pokiston armiyasi va Tolibon o’rtasida kechayotgan to’qnashuvlarni G’arbda ko’pchilik diniy ekstremizmga qarshi kurash deb baholaydi. Aslida mojaroning sabablari ko’p va chuqur.

Vaziyatni hududiy va chegara bahslari, etnik-milliy ziddiyatlar, xususan pushtu va panjobilar o’rtasidagi nizolar chigallashtirmoqda, deydi “Amerika Ovozi” bilan suhbatlashgan siyosatdonlar.

Pokiston qurolli kuchlarining mamlakat shimoli-sharqini egallab turgan Tolibonga qarshi yirik harbiy amaliyoti davom etmoqda. Armiya safini asosan panjobilar, Tolibon harakatini esa pushtular tashkil etadi. Etnik munosabatlar Pokistonda murakkab tusga ega, deydi islomshunos olim Akbar Ahmad.

“Viloyatlar chegarasini ko’p jihatdan ularning etnik tarkibi belgilaydi. Buni nomidan ham bilish mumkin”, - deydi sobiq diplomat. “Masalan, madaniyatning eng qadimiy beshiklaridan bo’lmish Panjobda panjobilar, shimoliy-g’arbiy hududlarda esa markaziy hukumatga bo’ysunishdan bosh tortayotgan pushtu qabilalar yashaydi”.

Pushtular - tili, madaniyati bo’yicha afg’onlar bilan bir xalq. Pokiston va Afg’onistonni ajratib turgan Durand chizig’i bo’ylab muttasil ko’chib yuradi. Akbar Ahmadning tushuntirishicha, tabiiyki, bir o’lkadagi urush va beqarorlik ikkinchisiga bevosita ta’sir ko’rsatadi.

“Pokiston hukumati oldida turgan oliy vazifa bu - o’z hududida markaziy nazorat o’rnatish. Tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashning bir yo’li shu. Svot vodiysida joriy etilgan qabilaviy tartib-qoidani bekor qilib, armiya yordamida sud-huquq tizimini tiklash, iqtisodiyotni rivojlantirishga harakat qilish zarur”, - deydi rasmiy Islomobodning Vaziristondagi vakili bo’lib ishlagan Akbar Ahmad.

Ayni paytda vodiyning Mingora shahri nazorati uchun jang ketmoqda. Armiya shaharni Tolibondan tozalash harakatida.

Afg’onistonlik jurnalist, tarixchi Nabi Misdak Qo’shma Shtatlar, o’z navbatida, Afg’on-Pokiston hukumatlari yaqinroq hamkorlik qilsin desa diplomatik bosimni kuchaytirsin deydi.

“Barak Obama aholining fundamental ehtiyojlarini qondirishga, ta’lim, adliya, sog’liqni saqlash sohalariga e’tiborni qaratib to’g’ri yo’l tanladi. Bu Afg’onistonga ham tegishli masala. So’nggi yetti yil ichida bu sohalarda ko’p narsa o’zgargan emas”, - deydi tahlilchi.

Sharhlovchilar fikriga ko’ra, mintaqa tarixi, bu yerdagi etnik ziddiyatlar shundan dalolatki Afg’oniston va Pokistonda tinchlik o’rnatish uzoq va murakkab jarayon. Vashington siyosatchilari harbiy kuch, diplomatiya hamda iqtisodiy taraqqiyotga birdek ahamiyat qaratgani ma’qul, deydi ular.

XS
SM
MD
LG