Breaking News

Rossiya yangi gaz mojarosi haqida ogohlantirmoqda


Rossiyaning ogohlantirishicha, Ukraina gaz to’lovlarini vaqtida amalga oshira olmayotgani bois, Yevropaga ta’minot yana uzilishi mumkin.

Rossiya gazi Ukraina quvurlari orqali Yevropa mamlakatlariga yetkaziladi. Bosh vazir Vladimir Putin so’zlariga ko’ra, Yevropa Ukrainaga o’z majburiyatlarini bajarishda ko’maklashishi zarur.

Ukraina Rossiyadan keladigan gazni yer osti rezervuarlarida g’amlab, zaxiraning katta qismini Yevropadagi mijozlarga yetkazadi. Bir qismini esa o’z ehtiyojlarini qondirishga sarflaydi.

“Hozirda Ukraina yetarli zaxiraga ega emas”, - deydi Vladimir Putinning so’zlovchisi Dmitriy Peskov. “Bu esa kuz-qish mavsumida Yevropaga ta’minot uzilishiga olib kelishi mumkin”.

Kreml bayonotiga ko’ra, Ukraina joriy oyda gaz uchun to’lay olishi savol ostida. Global inqirozdan qattiq aziyat chekkan iqtisodiyoti xalqaro moliyaviy tashkilotlar yordamiga tayanmoqda.

Bundan tashqari, Ukrainada ichki siyosiy kelishmovchiliklar, xususan prezident Viktor Yushenko va Bosh vazira Yuliya Timoshenko o’rtasidagi nizo inqirozdan chiqib olishga to’sqinlik qilayotgani aytiladi.

Bunga bir misol - Timoshenko gaz tranziti uchun Rossiya oldindan to’lasin desa, Yushenko bunday rejani noqonuniy deya rad etgan. Kreml rasmiylari Yevropaga boshqa bir taklif bilan chiqmoqda, ya’ni Ukrainaga kredit uzatish.

Yevropa Komissiyasi prezidenti Xose Manuel Barrosoning ta’kidlashicha, Yevropa hozirgi sharoitda Ukrainaga kredit bera olmaydi.

Ukraina rahbari nazarida mavjud muammolarning barchasi siyosatga borib taqaladi. Yil boshida Moskva-Kiyev o’rtasidagi kelishmovchiliklar Yevropani gazsiz qoldirgan edi. Bryussel muqobil yonilg’i manbalarini izlashga tushgan.

XS
SM
MD
LG