Breaking News

Yevropa parlamenti millatchi-konservatorlar qo'liga o'tmoqda


Yevropa Ittifoqi parlamenti uchun to’rt kun davom etgan saylovlarda o’ta konservativ, o’ngchi Britaniya Milliy partiyasi parlamentdagi ilk o’rinni qo’lga kiritgan.

Saylov natijalariga ko’ra, ittifoqning qonun chiqaruvchi organidan asosan Germaniya, Fransiya, Italiya, Polsha va Ispaniyadan chiqqan konservativ partiyalar joy olmoqda.

Tahlilchilarga nazarida saylovlar sust o’tgan va ko’pchilik Yevropa Ittifoqiga noroziligini bildirish uchun ovoz berishda qatnashmagan.

Ayni damda aksariyat Yevropa mamlakatlarida hokimiyat tepasidagi partiyalar Yevropa Ittifoqi parlamenti uchun o’tkazilgan saylovlarda mag’lubiyatga uchragan. 736 a’zoli qonun chiqaruvchi organdan asosan millatchi va konservativ ruhdagi partiyalar o’rin oladigan bo’ldi.

So’lchi qonunchi, parlamentdagi sotsialistlar guruhi yetakchisi Martin Shults saylov natijalaridan qoniqmaganini aytadi.

"Biroq sotsialistlar hamisha himoya qiladigan ijtimoiy qadriyatlar, bozor nazorati va iqlim o’zgarishiga qarshi kurash mavzulari hamon dolzarb", - deydi u.

Siyosatshunoslarga ko’ra, bugungi iqtisodiy va moliyaviy inqiroz ko’pchilik saylovchilar noroziligini qo’zg’atib, hokimiyatda bo’lgan partiyalarga qarshi qayragan. Britaniya, Gollandiya va Italiya kabi mamlakatlarda tub aholidan ishni olib qo’yayotgan immigrantlarga qarshi partiyalar ko’proq ovoz to’plagan. Yevropa parlamenti saylovlarida ittifoq aholisining atigi 43 foizi qatnashgani ma’lum.

Fransiyalik qonunchi Frensis Vurtsga ko’ra, saylov natijalari odamlar Yevropa Ittifoqidan noroziligidan dalolat.

"Yevropaliklar nazarida parlament a’zolari haddan tashqari imtiyozlarga ega, maoshi juda baland, kundalik muhim muammolar bilan esa shug’ullanmayapti. Ittifoqqa bo’lgan ishonch so’ngan", - deydi Vurts.

Bu yil Fransiyadan “Yashillar partiyasi” Yevropa Ittifoqi parlamentiga a’zo bo’lmoqda.

XS
SM
MD
LG