Breaking News

AQSh Gruziyani siyosiy xayrixohlikda ishontirmoqda


Gruziya Tashqi ishlar vaziri Grigol Vashadze Vashingtonda bo'lib, mintaqadagi vaziyat va AQSh-Gruziya aloqalarini muhokama qilgan. Kelasi oy vitse-prezident Jo Bayden Gruziyaga safar qiladi. Obama ma'muriyati rasmiy Tbilisini qo'llab-quvvatlashini yana bir bor ta'kidlagan.

Qo'shma Shtatlar Rossiya bilan aloqalarni yaxshilash yo'lidan borar ekan, bu ish Gruziya manfaatlari hisobiga qilinmayotganini aytadi. Gruziya va AQSh ikki tomonlama doimiy hamkorlik qo'mitasini tuzib, iqtisodiy, mudofaa, xavfsizlik, demokratiya va almashinuv dasturlarini u orqali muntazam ravishda muhokama qilmoqchi.

Qo'mita yanvar oyida imzolangan Strategik hamkorlik to'g'risidagi shartnoma doirasida tuzilmoqda.

Gruziya Tashqi ishlar vaziri Grigol Vashadze bitimning imzolanishi Gruziya mustaqilligidan keyingi muhim tarixiy voqea deb atagan.

AQSh Davlat kotibi muovini Jeyms Staynbergning aytishicha, Qo'shma Shtatlar Gruziya mustaqilligi va hududiy daxlsizligini qo'llab-quvvatlagan holda unga islohotlarda va NATOga a'zo bo'lishda yordam berishga tayyor ekanini aytgan.

Qo'shma Shtatlar Gruziya bilan o'tgan yil avgust oyida urush qilgan Rossiya bilan, xususan strategik qurollarni cheklash borasida hamkorlikni kuchaytirishni maqsad qilib olgan, ammo bu, deydi Staynberg, Gruziya manfaatlariga zid holda qilinayotgani yo'q.

"Rossiya bilan aloqalarni yaxshilash orqali Gruziya kabi mamlakatlar xavfsizligini kuchaytirishga muvaffaq bo'lamiz degan umiddamiz. Rossiya bilan munosabatlarning yaxshilanishi hech bir hamkor davlatga qarshi qaratilmaydi," deydi Davlat departamenti rasmiysi.

Qo'shma Shtatlar Gruziyadan ajralgan Abxaziya va Janubiy Osetiya mustaqilligini tan olmaydi, Rossiya esa aksincha bunday qilgan yagona davlat.

Oq Uyning ma'lum qilishicha, iyul oxirida vitse-prezident Jo Bayden Gruziya va Ukrainada bo'ladi. Prezident Obama esa ikki haftadan so'ng Rossiyaga safar qiladi.

XS
SM
MD
LG