Amerikaga sarmoya kirita oladigan badavlat xorijliklar grin-karta, Qo’shma Shtatlarda yashash va ishlash huquqini beruvchi hujjat bilan siylanadi. Sharti shuki, invetitsiya qilayotgan bizneslar Amerikada ish o’rinlari yaratishi va bu davlat iqtisodiga hissa qo’shishi kerak.
Florida shtatidagi Leyk Buena Vista kurorti sarmoya evaziga viza taklif etuvchi, hukumat tasdig’idan o’tgan 45 maskandan biri.
Bu degani – kurort ma’muriyati xorijliklarga 100 tagacha grin karta taklif eta oladi. Evaziga chet ellik tadbirkor bu biznesga bir million dollar sarmoya kiritishi zarur. Kurort vitse-prezidenti Larri Koen hozirgi iqtisodiy sharoitda chetdan mablag’ jalb qilmasak bo’lmaydi, deydi.
"Mehmonxonamizning bir qismini sotib olishga, biz bilan ishlashga tayyor mahalliy biznesmenlar yo’q emas. Biroq kredit bozori o’lgan. Yangi yo’llarini qidirishga majburmiz", - deydi tadbirkor.
Kelishuv shartlari quyidagicha: xorijiy investorga mehmonxonadan ulush tegadi. Ya’ni ikkita nomer, har birining bahosi 400 ming dollar. Sayyohlardan tushgan daromaddan u ham foyda ko’radi. Talab shuki, sarmoya kamida 10 ta ish o’rni yaratishi kerak.
AQSh hukumatining “sarmoya orqali immigratsiya” dasturi doirasida yiliga 10 ming kishi grin-kartani qo’lga kiritishi mumkin. “Qiziqish katta, minglab puldor odamlar murojaat qiladi”, deydi Ofer Fridfertig, kurort boshqaruvchisi.
"Internet orqali bizga murojaat qilganlarning 45 foizi Xitoydan. Dastur shartlarini tushuntiring, ma’lumot yuboring deb so’rashadi", - deydi kurort boshqaruvchisi.
Ofer Fridfertig Qo’shma Shtatlarda yashash istagidagi sarmoyachilarni topish uchun yaqinda Xitoyga safar qildi. AQSh Davlat xavfsizligi vazirligiga ko’ra, o’tgan yili investor vizasiga eng ko’p ariza tushgan.
Grin-karta - kishiga Amerikada doimiy yashash va ishlash huquqini beruvchi hujjat sanaladi. Uning lotoreya ko’rinishi barchaga tanish. Biroq huquqshunos Ramachandran Balaraman so’zlariga ko’ra, global iqtisodiy krizis va dollar arzonlashgani bois investor vizalariga qiziqish pasaygan. Sarmoyachi qattiq tekshiruvdan ham o’tishi kerak.
"AQSh hukumati siz bu davlatga kiritayotgan sarmoya qanday manbalardan kelayotgani bilan qiziqadi. Qonuniy bo’lishi, halol topilgan bo’lishi shart", - deydi Balaraman.
O’z navbatida, deydi huquqshunos, chet ellik investor ham Amerikada qonuniy biznesga qo’l urayotganiga ishonch hosil qilsin.
“Sarmoya orqali immigratsiya” dasturida qatnashish uchun million dollar sarmoya juda katta pul, deya tan oladi rasmiylar. Mablag’ ish o’rinlari yaratishi, iqtisodiyotini ko’tarishga xizmat qilishi kerak. Investorlar uchun esa bu Amerikada yangi hayot boshlash uchun imkoniyat.