Breaking News

AQSh Xitoyning Internet-senzurasidan norozi


Xitoy hukumati mamlakatda sotilayotgan barcha kompyuterlarda 1 iyuldan boshlab ba'zi Internet saytlariga kirishga to'siq qo'yuvchi programma bo'lishiga ko'rsatma bergan. Obama ma'muriyati Xitoyni Internetni senzura qilishda ayblab, rasmiy Pekinga rasmiy e'tiroznoma yo'llagan.

AQSh rasmiylariga ko'ra, Xitoy bolalarni Internetdagi shahvoniy yoki pornosaytlardan himoya qilish bahonasida siyosiy sahifalarga ham kirish yo'llarini cheklamoqchi.

Xitoy Sanoat va axborot texnologiyalari vazirligi 1 iyuldan so'ng mamlakatda sotilayotgan har bir kompyuterda Green Dam degan filter programma bo'lishi kerak degan ko'rsatma bergan.

Amerikadagi kompyuter mutaxassislari nazarida mazkur programma Xitoyga yoqmagan siyosiy mazmundagi saytlarga kirishni qiyinlashtiradi, ularni ochgan odamlar kompyuteri faoliyatida texnik muammolar yaratadi. Green Dam virusga osonlikcha chalinadi, deydi ular.

AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Ian Kellining aytishicha, Qo'shma Shtatlar Xitoyning axborot oqimini cheklash harakatlaridan norozi.

"Bundan nafaqat AQSh, balki xalqaro kompyuter kompaniyalari va Xitoy fuqarolari ham norozi. Masalaning siyosiy tomonidan tashqari, ushbu kompyuter programmasining o'ziga yarasha texnik muammolari ham bor," deydi Kelli.

Kompyuter kompaniyalari yangi qoidaga amal qilmoqchi emasligini aytmoqda. AQSh Savdo vakili Ron Kirkning ta'kidlashicha, Xitoy qarori Jahon savdo tashkiloti qoidalariga zid. Yaponiya hukumati ham Xitoyga o'z noroziligini bildirgan.

XS
SM
MD
LG