Breaking News

Klinton AQSh tashqi siyosati tamoyillarini ma'lum qildi


AQSh Davlat kotibasi Xillary Klinton Vashingtonda, Tashqi Aloqalar Kengashida so’zlar ekan, Qo’shma Shtatlar Eron bilan bevosita muloqot qilish qarorida qat’iy, dedi. Klinton Afg’oniston masalasida ham to’xtalib, Tolibon qurolni tashlasa, tinchlik yo’lida muzokaraga tayyormiz, deya ta’kidladi.

Xillari Klintonga ko’ra, Amerika o’z milliy manfaatlarini himoya qilish va xalq-aro kelishmovchiliklarni bartaraf etishga doir siyosatni davom etadi. Asosiy diqqat ittifoqdosh davlatlar bilan hamkorlikni mustahkamlash, AQSh siyosatiga qarshi mamlakatlar bilan esa tafovutlar yuzasidan muzokara qilishga qaratiladi.

Demokratya va inson huquqlari mavzusi, deydi Klinton, hamon AQSh tashqi siyosati tayanadigan dolzarb masaladir.

Davlat kotibasi shuningdek, Eron atom quroli yaratish maqsadidan qaytib, terrorchi guruhlarni quvvatlashni bas qilsa, yaqinda o’tkazilgan prezident saylovlari va undan keyin yuzaga kelgan vaziyatga qaramay, Vashington Tehron bilan muloqot qilishga tayyor dedi.

"Biz Tehron rahbariyatiga murojaat qilib, muzokara uchun barcha imkoniyatlar yaratib berdik. Eron atom qurolini yaratish dasturidan qaytishi lozim. Atom energiyasidan tinch maqsadda foydalanayotganini isbotlasin. Eron qo’shnilarini qo’rqitish siyosatidan kechib, terrorni himoya qilishdan voz kechsin, shundagina konstruktiv aloqalarni yo’lga qo’yish mumkin", - deydi Klinton xonim.

Hindistonga yo’l olgan Xillari Klinton, kuzda Pokistonga ham borishini aytgan. Afg’onistondagi AQSh kuchlarining xavfsizligi va bu mamlakat barqarorligi ko’p jihatdan Pokistonga bog’liq, deydi Klinton. Davlat kotibasi Pokiston hukumatining jangarilarga qarshi keskin kurashini olqishladi.

Terror yo’lini tutgan toliblarga qarshi kurashamiz, biroq ular qurolni tashlab tinch maqsadni ko’zlasa Tolibon bilan ham muzokara qilishimiz mumkin, deydi Klinton.

"Afg’onistondagi jangarilarning hammasi ham al-Qoida tarafdori emasligini bilamiz. Agar ular qurollarni tashlab, afg’on jamiyatini tiklashga diqqat qaratsa toliblar bilan ham muloqotga tayyormiz", - deydi Davlat kotibasi.

Klinton xonim Yaqin Sharqdagi vaziyat borasida toxtalar ekan, Isroildan falastinliklar yerida uylar qurmaslikka chaqirdi. Mintaqada tinchlik o’rnatish uchun, Misr, Iordaniya kabi Arab dunyosining boshqa mamlakatlari ham birlashishi lozim, deydi Klinton.

AQSh Davlat kotibasi Hindiston safaridan so’ng, Taylandga yo’l olib, ASEAN, Janubi-sharqiy Osiyo hamkorlik tashkiloti anjumanida qatnashadi. Yig’ilishning bosh mavzusi Koreya yarim orolidagi vaziyat bo’lishi kutilmoqda.

XS
SM
MD
LG