Rossiyalik faollar Bosh vazir Vladimir Putinni mamlakatda jurnalist Nataliya Estemirovaning o'limiga yetaklagan muhitni yaratganlikda ayblamoqda. Inson huquqlari bilan shug'ullanuvchi Memorial tashkiloti va boshqa guruhlar Moskvada matbuot anjumani o'tkazib, Estemirovaning o'limida Putinning odami, Checheniston prezidenti Ramzan Qodirovni ayblagan.
Memorial raisi Oleg Orlov hamkasbi Nataliya Estemirovani tashkilotning yuragi, Chechenistonda avj olgan jinoyatchilikni yoritgan mard muxbir deb atadi. Unga ko'ra, jurnalistning o'limini Checheniston rahbari buyurgan.
"Putin esa," deydi u, "o'z navbatida bunga sharoit yaratib bergan. Bunday muhitda davlat xizmatchilari tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlar ochilmay qolib ketmoqda," deydi Orlov.
Inson huquqlari bilan shug'ullanuvchi yana bir guruh, Xelsinki Guruhining Moskvadagi bo'limi rahbari Lyudmila Alekseyevaning ta'kidlashicha, Ramzan Qodirovning Checheniston va xorijdagi aksariyat tanqidchilari o'ldirilgan.
"Biroq shunga qaramay Qodirov hamon respublikani boshqarmoqda. Unga qarshi birorta ish ochilmagan. Uni Putin qo'llab-quvvatlaydi," deydi Alekseyeva.
Ramzan Qodirov o'z navbatida jinoyatchilarni ushlab, jazolashga so'z bermoqda.
"Respublikada qonun va tartibga hurmat bor. Bunday qing'ir ishlarni esa Rossiya dushmanlari qilmoqda," deydi u.
Prezident Medvedev Grozniyda o'g'irlanib, so'ng jasadi qo'shni Ingushetiyada topilgan Estemirovaning o'limini tergov qilishni buyurgan.
Uning o'limi provokatsiyadir, deydi Rossiya rahbari Myunxenda Germaniya kansleri Angela Merkel bilan bo'lgan matbuot anjumanida.
"Jinoyat ortida turganlar hukumatni yomon otliqqa chiqarish uchun shunday qilgan," deydi Medvedev.