Senat Tashqi aloqalar qo'mitasi raisi demokrat Jon Kerrining aytishicha, AQSh tashqi siyosatini shakllantirayotganda yonilg'ining roliga diqqat qaratish lozim.
"Mojarolarning aksariyati yonilg'iga boy davlatlarda yuz bermoqda. Iroq, Eron, Sudan, Rossiya, Kavkaz, Nigeriya, Venesuela. Ushbu bog'liqlikni o'rganish kerak," deydi Kerri.
Kelajakda neft va gaz resurslari narxining o'sishi xavotirga molik hol. Bir mamlakatning bozor ustidan nazoratini cheklash uchun muqobil yonilg'i manbalari va ularni manzilga yetkazish yo'llarini rivojlantirish zarur, deydi senator.
Qo'mita a'zosi, respublikachi senator Richard Lugar hafta boshida Turkiyada bo'lib, Nabukko loyihasini imzolash marosimida ishtirok etgan. Loyiha gazni Yevropaga Rossiyani chetlab uzatishni ko'zda tutadi.
Uning aytishicha, Iroq loyihaga qo'shilib, gazning yarmini ta'minlashi mumkin.
"Daromadni esa mamlakatni tiklashga sarflasa bo'ladi," deydi Lugar.
Nabukkoga Eron ham qo'shilishi mumkin. Bu esa ba'zi qonunchilarni xavotirga solmoqda.
Davlat departamentining Yevrosiyo energetika masalalari bo'yicha maxsus vakili Richard Moningstar nazarida rasmiy Tehron yadro dasturi bo'yicha xalqaro hamjamiyat bilan munozarani hal etmas ekan, uni Nabbukoga yaqinlashtirmaslik kerak.