Breaking News

Sxeffer: NATO Afg'onistondan ketmaydi


NATOning vakolat muddati tugayotgan Bosh kotibi Yaap de Xup Sxefferning aytishicha, alyans Afg'onistonda vazifasini bajarmaguncha mamlakatni tark eta olmaydi, aks holda al Qoidaning qaytishiga imkoniyat tug'iladi. Sxeffer ikki haftadan so'ng ishini yangi rahbarga topshiradi.

"Agar mamlakatdan chiqib ketsak yoki mag'lub bo'lsak, oqibati nafaqat Afg'oniston uchun, balki Pokiston va butun boshli mintaqa uchun yomon bo'ladi. Yevropaga ham ta'sir qiladi," deydi Sxeffer Londonga tashrifi chog'ida.

Tolibonning qo'li ustun kelsa, ekstremizm avjga chiqadi, al Qoidada jahon bo'ylab terror urug'ini sochishga imkon tug'iladi, deydi u.

"21-asrda xavfsizlikni saqlash uchun uzoq joylardagi mojarolardan chetda turmaslik kerak, ammo bu xavfli va qimmat vazifa," deydi Sxeffer.

Unga ko'ra, NATOning Afg'onistondagi faoliyati alyans kamchliklarini yuzaga chiqardi. A'zo davlatlarda siyosiy iroda yetishmaydi, harakatlarni muvofiqlashtirish oqsamoqda, aniq harbiy tizim yo'q.

Kelajakda tashkilot tezkor harbiy guruhlarga ega bo'lishi, unga a'zo bo'lmagan davlatlar bilan siyosiy muloqot va global hamkorlikni kengaytirishi lozim, deydi Sxeffer.

"NATO ortiq yolg'iz harakat qila olmaydi. Afg'onistonda muvaffaqiyatga erishish uchun iqtisodiy tarraqiyotga urg'u berish kerak, biroq bu alyans qo'lidan kelmaydi. Boshqa tashkilotlarni jalb etish lozim, aks holda g'alaba qila olmaymiz. Tashkilot zamon talabiga moslashib borishi zarur," deydi NATO bosh kotibi.

31 iyuldan boshlab NATO boshqaruvini Daniya sobiq bosh vaziri Anders Fog Rasmussen o'z qo'liga oladi.

XS
SM
MD
LG