AQSh vitse-prezidenti Jo Bayden "Gruziya hududiy yaxlitligi tarafdorimiz, biroq ajralib chiqqan regionlarni qaytarish uchun harbiy usullardan foydalanishga qarshimiz", deydi.
Gap o’tgan yili Rossiya tomonidan mustaqilligi tan olingan Abxaziya va Shimoliy Osetiya xususida ketmoqda. Gruziya parlamentidagi chiqishida Bayden, jahon hamjamiyatini bu hududlar mustaqilligini tan olmaslikka chaqirgan.
Qonunchilariga murojaat qilar ekan, AQSh vitse-prezidenti rasmiy Tbilisining NATO tarkibiga kirish harakatlarini qo’llab-quvvatlaymiz dedi.
“Alyansning to’la qonli a’zosiga aylanishingiz uchun va barcha mezonlarga javob berishingiz uchun yordamni ayamaymiz”, - deydi Jo Bayden.
O’tgan yili Rossiya bilan urushdan so’ng mamlakatni qayta tiklash va qochqinlarni uy-joy bilan ta’minlash uchun Qo’shma Shtatlar Gruziyaga 1 milliard dollar mablag’ ajratgan edi.
Bayden Gruziya harbiylarini qayta tayyorgarlikdan o’tkazish uchun AQSh armiyasi yaqindan yordam beradi deydi. Biroq ajralib chiqqan Janubiy Osetiya va Abxaziyaga nisbatan har qanday harbiy harakatga qarshi ekanini bildirdi.
“Qo’shma Shtatlar bu hududlarni mustaqil deb tan olmaydi. Boshqa davlatlarni ham shunday qilishga chaqiramiz. Rossiya esa aprel oyida erishilgan sulh bitimiga rioya qilib, xalqaro majburiyatlarini bajarishi, armiyasini mojaro zonasidan chiqairb, avvalgi holatiga qaytarishi lozim”, - deydi Bayden.
Vitse-prezident mamlakat muxolifati bilan ham uchrashar ekan, hukumat transparent, mas’uliyatli bo’lib, demokratik tamoyillarga javob bersagina, 2003 yilda “Atirgul inqilobi” ko’zlagan maqsadlarga erisha oladi dedi.
Gruziya muxolifati yetakchilaridan biri Levan Gachechiladze Bayden bilan uchrashuvda demokratik institutlarni rivojlantirish, matbuot erkinglini ta’minlash, mustaqil sud faoliyati uchun sharoit yaratish lozimligini ta’kidlagan.
“Bayden,” deydi Gachechiladze, “Amerika Gruziyadagi bir shaxsni emas, butun boshli demokratik islohotlarni quvvatlaydi deya va’da bergan”.
Ukraina va Gruziyaga qilgan tashrifi davomida Bayden Qo’shma Shtatlar Rossiyaning impercha siyosatiga va sobiq Sovet davlatlariga nisbatan o’z mulkidek munosabatda bo’lishiga qarshi ekanini keskin ta’kidlagan.