Jurnalistlar xalqaro uyushmasiga ko’ra, Rossiya bu kasb egalari uchun eng xavfli davlatlardan biri. Yaqinda Chechenistonda taniqli huquq himoyachisi va jurnalist Natalya Estemirova noma’lum shaxslar tomonidan o’g’irlab ketilgan edi.
Uning jasadi keyinchalik qo’shni Ingushetiyadan topilgan. Afsuski, sobiq Sovet davlatlarining aksariyatida shu ahvol - axborot yig’aman deb muxbirlar o’z hayotini xavf ostiga qo’yadi.
Yil boshida ikki muxbir kuppa-kunduz kuni matbuot anjumanidan qaytayotib, Moskvaning markaziy xiyobonida otib ketildi, deydi Masha Lipman, Xalqaro tinchlik uchun Karnegi jamg’armasi xodimasi.
“Ayniqsa biznes, siyosat yoki bank sohasida tanqidiy maqola bosib, birovning manfaatini chertib o’tgan muxbirlar hayoti xavf ostida. Ular ko’pincha buyurtma bilan yo’q qilinadi. Qotil topilib, jazolangan holatlar esa sanoqli”.
Xususan, jurnalist Natalya Estemirovaning o’limida huquq himoyachilari chechen ma’murlarini ayblaydi.
“Birinchi navbatda Checheniston prezidenti Ramzan Qodirovni. O’lkada tinchlikni ta’minlash uning zimmasiga topshirilgan. Shimoliy Kavkaz juda xavli mintaqa, lekin poytaxt Moskva undan qolishmaydi”.
“Mintaqa rahbarlarida mas’uliyatdan va buni ularga eslatib turadigan odamlardan qutulish hissi juda kuchli. Buning ustiga, adliya tizimi zaif. Sud organlari hukumatni javobgarlikka chaqiradan qaror chiqarishga qo’rqadi. Shu bois jinoyatlar jazosiz qolmoqda”.
Siyosatshunos olim Pol Goblga ko’ra, Rossiya Federatsiyasi va sobiq Sovet lageri mamlakatlarining aksariyatida ana shuday qarash hukmron. Dunyoning bu qismida hokimiyatdagilar uchun so’z erkinligi quruq gap. Ular matbuot bizga xizmat qilishi kerak deb hisoblaydi, deydi Gobl.
“Ishimni puxta, xolis bajaraman, xalqni jamiyatdagi o’zgarishlardan voqif etaman degan jurnalist ishidan ham, uyidan ham ayrilishi, kaltaklanishi, qamoqqa tashlanishi va hatto o’ldirilishi hech gap emas. Eng muhim axborot vositasi bo’lmish televideniye davlat qo’lida ekan, jurnalist yuzlashayotgan muammolarda uning o’zini aybor qilib ko’rsataverishadi”, - deydi amerikalik olim.
Markaziy Osiyo jurnalistlari oldida ham o’xshash muammolar. Mintaqada matbuot ahvoli qoniqarsiz. Axborot yig’ish mushkul. Buning ustiga, jurnalistlarga ishonch past, deydi qirg’izistonlik yosh olim Alisher Hamidov.
“Qirg’iziston va mintaqaning boshqa davlatlarida jurnalistni tanqidiy maqolasi uchun kaltaklash, sudga tortish hollari ko’p uchraydi. Yana bir muammo ularning kam maosh olishida. Bu esa korrupsiyaga yo’l ochadi”, - deydi Alisher Hamidov.
Markaziy Osiyoda mustaqil jurnalist sifatida ishlash, jurnalistik tekshiruv olib borish, saylovlar yoki umuman siyosatni yoritish xatar bilan yonma-yon yurish degani.
“Qirg’izistonda mustaqil axborot vositalariga bosim kuchaygan”, -deydi Alisher Hamidov.
“Jurnalistlar senzuraga bo’ysunishga majbur, chunki haqiqatni yozsa tazyiqqa uchrashini yaxshi biladi. Yaqinda militsiya xodimi tomonidan kaltaklangan bir jurnalist kasalxonada jon bergan”.
Sobiq Sovet mamlakatlarida, deydi mutaxassislar, onda-sonda bo’lsa-da, adolat qaror topadi. O’tgan hafta Ukrainada jurnalist Georgiy Gongadzening qotili topilib, hibsga olingan. Ichki ishlar vazirligining yuqori lavozimli mulozimi Aleksey Pukach aybni bo’yniga olgan. Internet nashr muharriri bo’lib ishlagan Gongadze 2000 yilning sentyabrida o’g’irlanib, uning boshsiz jasadi bir oydan so’ng topilgan edi.