Breaking News

AQSh Xitoy bilan hamkorlikni mustahkamlash harakatida


AQSh va Xitoy rasmiylari poytaxt Vashingtonda, iqtisodiyot, xavfsizlik va atrof-muhit muhofazasi mavzusida muzokaralar o’tkazmoqda.

Mazkur uchrashuvlar o’zaro hamkorlikni mustahkamlash va mavjud kelishmovchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan.

“Strategik va Iqtisodiy Dialog” nomini olgan ikki kunlik sammitni prezident Barak Obama o'z nutqi bilan ochdi.

"Ikki davlat o'rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, oldinga qo'yilgan katta qadamlardandir. AQSh Xitoy bilan atom qurollari tarqalishiga qarshi birgalikda kurash olib borishi mumkin. Shimoliy Koreya, Eron kabi davlatlarni atom quroliga egalik qilish shashtidan qaytarishda Xitoyning roli kattadir", - deydi Obama.

Muzokaralarda AQShdan shuningdek Davlat kotibasi Xillari Klinton va Moliya vaziri Timoti Gaytner ishtirok etadi. Xitoydan esa 150 ka yaqin yuqori martabali davlat rasmiylari kelgan.

Strategik va Iqtisodiy hakmorlik anjumaniga sobiq prezident Bush tomonidan asos solingan edi. Barak Obama va Xitoy rahbari Xu Jintao shu yil aprel oyida uchrashganida, mazkur tashabbusni davom ettirishga va ikki-tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga kelishib olgan edi.

AQSh-Xitoy savdo palatasi vitse-prezidenti Erin Ennis yangi tizim ishlab chiqilmoqda deydi.

"Munosabatlarda oldinga siljish kutilmoqda. Biroq mavzular ko’lami keng, ikki kunda muhokama qilib bo’lmaydi. Mazkur tadbir ana shu yo’ldagi boshlang’ich qadamlardan", deydi u.

Muammoli mavzulardan biri iqlim o’zgarishi va atmosfera ifloslanishi masalasidir. Qo’shma Shtatlar energetika vaziri Stiven Chu va Obama ma’muriyatining atrof-muhit muhofazasi bo’yicha maxsus vakili Tod Stern, yaqinda Xitoyga qilgan safari chog’ida bu borada yaqindan muzokara olib borgan edi.

“Xitoy Strategiyalari” guruhi rahbari Lyuis Shvartz nazarida, Xitoy toza energiyaga doir siyosatni joriy etishni boshlamoqda, bu esa har ikki mamlakat uchun katta yutuqdir.

"Imkoniyat eshiklari ochildi. Bu borada yangi bozorlarni islox qilish vaqti keldi, deb o’ylayman", - deydi Shvartz.

Xitoy AQShga eng ko’p qarz bergan davlatlardan. Rasmiy Pekin Amerika g’aznasining 800 milliard dollarga teng kafolat qog’ozlariga egalik qiladi va bu yerda bozorning rivojlanishi Xitoy manfaatidandir.

XS
SM
MD
LG