Breaking News

Eronda namoyishchilar, siyosiy faollar sudga tortilmoqda


Eron sobiq prezidenti 100 dan ortiq namoyishchi faollar ustidan ketayotgan sud jarayonini konstitutsiyaga xilof deb baholagan.

Muhammad Xotamiy nazarida sud shunchaki “siyosiy tomosha” ekani hammaga ma’lum. Ayblanuvchilar bosim ostida iqror bo’lishga majbur.

Tehronda iyun oyidagi prezident saylovlari ketidan ro’y bergan namoyishlarda hibsga olinganlar sud qilinmoqda. Fors axborot agentligi tarqatgan tasvirlarda 100 dan ortiq ayblanuvchi gavjum sud zalida o’tirganini ko’rish mumkin.

Muxolifat a’zolari va sobiq siyosatchilarga huquq-tartibot xodimlariga hujum, zo’ravonlikni tashviq qilish va hukumatni ag’darish kabi ayblar qo’yilgan. Bugun ayblanuvchilardan biri, sobiq vitse-prezident Muhammad Ali Abtahi guvohlik berdi.

Eron televideniyesiga ko’ra, Ali Abtahi o’z chiqishida saylov aslida qonunga mos tarzda, halol o’tganini tan olgan. Sobiq prezidentlar Muhammad Xotamiy va Ali Akbar Rafsanjoniy natijani qoralab, amaldagi hukumatdan o’ch olishga urinmoqda, deydi u.

Ali Abtahi Muhammad Xotamiy rahbarligi davrida vitse-prezident edi. Uning qatorida sudlanayotganlar orasida hukumat sobiq so’zlovchisi Abdulla Ramazonzoda va parlament spikeri o’rinbosari Behzod Nabavi ham bor. To’liq ro’yxat e’lon qilinmagan.

Jarayonni kuzatayotgan tahlilchi Mehrdod Xonsari nazarida sud-tergov ishi hukumatga nisbatan norozilik kayfiyatini bostirishga, faollarni qo’rqitishga qaratilgan bo’lib, sud hukmi amalga oshmasligi ham mumkin. “Ular ertami-kechmi ozod etilishi kerak”, - deydi mutaxassis.

Huquq faollarining aytishicha, sudlanuvchilar ruhiy va jismoniy bosim ostida aybiga iqror bo’lishga majbur.

XS
SM
MD
LG