Breaking News

Dalay Lama: Tibet mustaqil so'rayotgani yo'q


Tibet diniy rahnamosi Dalay Lama nazarida o’tgan oy Shinjon-Uyg’ur muxtoriyatida ro’y bergan qonli to’qnashuvlar, Pekinning etnik guruhlarga nisbatan siyosati ish bermayotganidan dalolat. Jenevada so’zlagan Dalay Lama Tibet uchun Xitoydan kengroq muxtoriyat so’ramoqda.

“O’z xalqim, boshqa etnik guruhlar shu jumladan uyg’ulrarga nisbatan adolatli siyosat qo’llanishini istayman”, - deydi Dalay Lama Jenevadagi konferensiyada qilgan chiqishida.

Shinjonda uyg’ur va xitoylar orasidagi etnik to’qnashuvlarga to’xtalar ekan, rasmiy Pekin begunoh odamlarning qoni to’kilishiga yo’l qo’ymasin, deydi u. Zo’ravonliklardan 200 ga yaqin odam o’lgani va ko’pchiligi xitoylar bo’lgani rasman aytilsada, faollarga ko’ra asl raqamlar bundanda ko’p bo’lishi mumkin.

Dalay Lama Tibet muxtoriyati mavzusiga ham to’xtaldi. “Biz mustaqillik emas, din, tilimiz va urf-odatlarimiz hurmat qilinishini, Xitoy bilan tinch-totuv yashashni istaymiz”, - deydi u.

“Tibetda yosh avlod Xitoyga nisbatan adovat bilan ulg’aymoqda. Kelajakda bu katta siyosiy-ijtimoiy inqirozga olib kelishi mumkin. Bu muammoga yechim topish hamma uchun manfaatli”, - deydi Dalay Lama.

Diniy rahnamoga ko’ra, Xitoyda jamiyat o’zgarib borar ekan, bu yerdagi mayda elatlar uchun yangi imkoniyatlar paydo bo’lyapti. Mamlakatda o’rta hol qatlam shakllanib, boy va kambaga’llar orasidagi tafovut qisqarmoqda. Rasmiy Pekin bu guruhlarga nisbatan siyosatini yumshatishi va qayta ko’rib chiqishi lozim, deydi Dalay Lama.

“Maqsadimiz Xitoydan ajralish emas. Muxtoriyat sifatida ta’lim, din, ekologiya masalalarida o’zimiz mustaqil qaror qabul qilishni istaymiz. Tashqi siyosat, mudofaa ishlari markaziy hokimiyat tomonidan boshqarilaversin”, - deydi Dalay Lama.

Tibet rahnamosi Xitoy hukumati bilan bu borada muloqot qilishga tayyor. Biroq Dalay Lamani jinoyatchi deb biladigan rasmiy Pekin murosa qilishdan bosh tortib keladi.

XS
SM
MD
LG