Breaking News

BMT: Eron kamroq uran boyitmoqda


Atom energiyasi bo’yicha xalqaro agentlik Eron yadro dasturi bo’yicha yangi hisobot e’lon qildi. Qo’shma Shtatlar hujjatni o’rganar ekan, xavotirini yashirmaydi.

“Tehron yadroviy faoliyati yuzasidan xalqaro hamjamiyatga xolis, batafsil axborot bermayapti”, -deydi AQSh rasmiylari.

Tehron yadro quroli ustida ishlayaptimi-yo’qmi, aniq aytish qiyin. Dunyo rahbarlari kelasi hafta Germaniyada muammoni muhokama qilishi kutilmoqda.

Amerika rasmiylari Atom energiyasi bo’yicha xalqaro agentlik hisobotini o’rganish bilan band. Dastlabki xulosa shuki, Eron yadro dasturi borasida xalqaro hamjamiyat bilan hisoblashayotgani yo’q.

Hujjatga ko’ra, Tehron hamon uranni boyitishda davom etmoqda. Biroq jarayon avvalgidan sust. Natanz zavodida uranni boyituvchi sentrifugalar avval mingta, hozir esa 8300 tani tashkil etadi. Ammo ishlab turgan sentrifugalar soni keskin kamaygan. Hujjatda sabablar keltirilmaydi.

Bundan tashqari, BMT xodimlari Natanz yadro zavodini ko’zdan kechirishga ijozat olgan. Ammo agentlikni qiynagan asosiy savol hamon javobsiz qolmoqda – dastur harbiy maqsadni ko’zlaydimi? Taxminlarga ko’ra, Eron yadro bombasi yaratish usullarini paypaslamoqda.

Davlat departamenti matbuot kotibi Yan Kelli fikricha, Eron boshqa davlatlar xavotiri bilan ishi yo’q. “Tehron yadro energiyasi ishlab chiqarishga haqli ekanini aytmoqda. Biroq dastlab bu dastur haqida ochiq-oydin hisobot berishi, BMT agentligi bilan hamkorlik qilishi kerak”, - deydi AQSh rasmiysi.

BMT Xavfsizlik Kengashining besh doimiy a’zosi va Germaniya kelasi hafta uchrashib, Eron masalasini ko’rib chiqadi. Tashkilot Bosh Assambleyasining kelasi oygi sammitida ham Eron tilga olinishi kutilmoqda.

Tehron xalqaro hamjamiyat talabiga ko’nmasa, yangi sanksiya bilan jazolanishi mumkin. Asosiy zarba Eron iqtisodiyotining o’zagi – neftga tushadi deydi ekspertlar. Nasiba Tohir, Vashington.

XS
SM
MD
LG