Breaking News

5+1 guruhi Erondan shaxdam qadam kutmoqda


Kecha Germaniyaning Frankfurt shahrida Eron atom dasturi bo'yicha muzokara ishtirokchilari to'planib, rasmiy Tehronni oy oxirigacha ular bilan muloqotni boshlashga da'vat etgan. Shu hafta Eron dastur bo'yicha yangi takliflar borligini ma'lum qilgan edi. Agar unga qo'yilgan talab o'z vaqtida bajarilmasa, Eron navbatdagi sanksiyalarga yuz tutishi mumkin.

AQSh rasmiylariga ko'ra, agar Eron chindan ham yangi taklif ishlab chiqqan bo'lsa, u holda BMT Xavfsizlik Kengashining besh doimiy a'zosi va Germaniya vakillari bilan uchrashib, uni 23 sentyabrgacha - Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasining yillik sessiyasidan oldin muhokama qilishi lozim.

5+1 guruhi aprel oyida Eronni uranni boyitish dasturidan qaytarish harakatida unga iqtisodiy va boshqa turdagi yordam taklif qilib, qilgan.

Hafta boshida Eron muzokarachisi Said Jaliliy uning mamlakati javob takliflar tayyorlab qo'yganini ma'lum qilib, Eron muzokaralarga qaytishga tayyor degan.

Davlat departamenti matbuot kotibi Ian Kellining aytishicha, Frankfurt uchrashuvi ishtirokchilari Eron tinch maqsadlar uchun atom energiyasidan foydalanish huquqiga ega, biroq jarayon xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlikda bo'lishi kerak deb ta'kidlagan.

Prezident Barak Obama Eronga oy oxirigacha muhlat berib, muzokaralarga qaytilmagan taqdirda Tehronga qo'shimcha sanksiyalar, jumladan benzin importiga cheklovlar qo'yilishi haqida ogohlantirgan.

Eron prezidenti Mahmud Ahmadinejod bugun bu kabi ogohlantirishlarni inkor etib, hech kim Eronga ortiq sanksiya qo'ya olmaydi degan. Tashqi ishlar vazirligi so'zlovchisi Xasan Qashqaviy esa mamlakatiga qarshi choralarni zanglagan qilichga o'xshatib, ularni samarasiz deb atagan.

Davlat departamenti vakiliga ko'ra, Eron siyosatidagi burilish samimiymi yoki xalqaro hamjamiyatni sanksiyalarni kuchaytirish masalasida bo'lib qo'yishga qaratilgan nayrangmi, hozircha aytish qiyin. Shunga qaramay, deydi Ian Kelli, Tehron takliflari jiddiy ravishda ko'rib chiqiladi.

XS
SM
MD
LG