Breaking News

AQSh arab-kurd mojarosiga vositachilik qilmoqchi


AQShning Iroqdagi qo'mondoni general Rey Odiyernoning aytishicha, Iroqning kurdlar yashovchi shimoliga amerikalik askarlar yuborilishi mumkin. Iroq xavfsizlik kuchlari va kurd qurollangan qismlari orasidagi ziddiyatlarni yumshatish, kurd va arablar o'rtasida ishonch rishtalarini o'rnatish uchun.

Shimoldagi ba'zi hududlar munozarali bo'lib, Nineva viloyati shulardan biri. Yaqinda bu yerda va unga yaqin Mosulda qator xurujlar sodir etildi. Qo'shma Shtatlar aybni al Qoidaga qo'ymoqda.

General Rey Odiyerno AQSh askarlarini aynan shu viloyatga kiritmoqchi. Ayni damda kurdlarning peshmerga deb ataluvchi kuchlari ham, Iroq xavfsizlik bo'linmalari ham o'sha yerda.

Ular o'rtasidagi nifoqqa barham berish amerikaliklar zimmasida.

Vashingtondagi Tashqi aloqalar kengashi tahlilchisi Stiven Biddlning aytishicha, har ikki tomon AQSh qo'shinlariga ishonadi, shuning uchun ular bu ishga qo'l urmoqda.

General Odiyernoga ko'ra, Iroq Bosh vaziri Nuri al Malikiy ham, Kurdiston rahbari Masud Barzaniy ham buni olqishlagan, biroq yakuniy qaror hozircha qabul qilinmagan.

Peshmerga va Iroq xavfsizlik kuchlari munozarali hududni nazorat qilar ekan, bir-biriga shubha bilan qaraydi. Tahlilchi Biddlning aytishicha, AQSh qo'shinlari ikki kuch o'rtasida bufer bo'lib xizmat qiladi.

"Bu to'qnashuvga barham beradi, chunki hech bir tomon amerikaliklar bilan jang qilishni istamaydi. Shuning uchun ularning qoq o'rtasida joylashish kerak," deydi mutaxassis.

Vashingtondagi Karnegi jamg'armasi xodimi Xenri Barki Iroq siyosatini yaqindan kuzatadi. Uning aytishicha, arab va kurdlar o'rtasidagi ziddiyatlar 2003 yili AQSh qo'shinlari Iroqqa kirganidan so'ng yanada kuchaydi.

"So'nggi 6 yildan beri etnik muammolarni hal qilmaganimiz uchun bu bilan hozir shug'ullanishga to'g'ri kelyapti. Peshmerga viloyatdagi kurdlarni himoya qilishni o'ziga maqsad qilib olgan. Shu sabab arablar bilan ba'zida to'qnashib turadi," deydi Barki.

Neftga boy Kirkuk viloyati ham munozaraga sabab hudud. U yerdagi xurujlardan yaqinda 250 dan ziyod kishi o'lgan. Kurd rahbarlari Kirkuk va Ninevaning kurdlar yashovchi rayonlarini ularga berishni ko'pdan beri talab qilib, ularni yarim muxtor Kurdistonga qo'shib olishni orzu qiladi. Biroq rasmiy Bag'dod hududni markaz nazoratidan chiqarmoqchi emas. Bu muammolar hal etilmas ekan, deydi tahlilchi Barki, nizolar hali-beri tugamaydi.

"Bundan tashqari qochqinlar, Saddam Husayn paytida uyidan ajralgan, ammo hozirda Kirkukka qaytmoqchi bo'lgan odamlar masalasi ham chetda qolib ketmasligi kerak," deydi Xenri Barki.

General Odiyernoning aytishicha, agar amerikalik askarlar munozarali hududlarga safarbar etilsa, ular asosan qishloq joylarida turadi va 2011 yil oxirida, Iroq hukumati bilan kelishuvga muvofiq, boshqa AQSh qo'shinlari bilan birga mamlakatni tark etadi.

XS
SM
MD
LG