Breaking News

Afg'onistonda saylovlar bo'yicha 600 dan ziyod shikoyat tushgan


Afg'onistonda saylovlar bo'yicha shikoyatlarni ko'rib chiqayotgan komissiyaning bildirishicha, natijalarni e'lon qilishdan avval 600 dan ortiq da'volarni ko'rib chiqish lozim.

500 ga yaqin saylov uchastkalaridan olingan ovozlar soxta deb topilgan.

Afg'onistonda prezident saylovlari 20 avgustda o'tgan. Natijalar hanuz noma'lum, biroq saylov komissiyasi barcha ovozlarni hisoblab bo'lgan taqdirda ham aksariyat shikoyatlar ko'rib chiqilmaguncha, yakuniy raqamlar e'lon qilinmaydi. Hozircha ovozlarning 17 foizi kimga taqsimlangani ma'lum xolos. Ularga ko'ra, amaldagi prezident Hamid Karzay 42 foiz bilan oldinda, biroq mutlaq g'alaba uchun 50 foizdan ko'p ovoz to'plash kerak.

Nomzodlar bir-birini ovozlarni soxtalashtirganlikda va boshqa nayranglarda ayblab keladi. Britaniya, Fransiya va Germaniya g'olib aniqlanganidan so'ng BMT homiyligida xalqaro anjuman uyushtirib, Afg'oniston kelajagini muhokama qilishga chaqirmoqda.

Mamlakatda 100 mingga yaqin xorijiy kuchlarning bo'lishiga qaramay vaziyat hamon notinch.

Britaniya Bosh vaziri Gordon Braunning aytishicha, anjumanni yil oxirigacha o'tkazib, general Stenli Makkristal tavsiyalarini inobatga olgan holda xavfsizlik, davlat boshqaruvi, taraqqiyot masalalarini muhokama etish zarur.

Kecha Braun bu borada Germaniya kansleri Angela Merkel bilan fikr almashgan.

Merkelning aytishicha, xalqaro hamjamiyat afg'onlardan mamlakat nazoratini qadamma-qadam o'z qo'liga olishni kutmoqda.

Tunda poytaxt Kobulga raketa tushib bir uy vayron bo'lib, uch kishi o'lgan. Boshqa joydagi xurujlarda 4 NATO askari, jumladan ikki kanadalik va bir amerikalik halok bo'lgan.

NATO o'tgan haftadagi hodisani tergov qilib, havo hujumidan asosan jangarilar o'lgan degan xulosaga kelgan. Juma kuni alyans Afg'oniston shimolida toliblar tomonidan o'g'irlangan ikki benzovozni nishonga olgan edi. NATO hisobicha, hujumdan 125 kishi o'lgan, 24 nafari tinch fuqarolar. Biroq voqea sodir bo'lgan qishloq aholisiga ko'ra, jangarilardan 10 kishi o'lgan xolos, qurbonlarning 60-70 nafari hamqishloqlari bo'lgan.

XS
SM
MD
LG