BMT qoshidagi Xalqaro migratsiya tashkiloti Afg'oniston g'arbiga qaytgan minglab odamlarni tinch va normal hayotga qaytarish uchun 18 oylik loyiha boshlagan. Tashkilotga ko'ra ularni qish mavsumidan oldin boshpana va issiqlik bilan ta'minlash o'ta muhim.
Loyiha Hirot va Faroh viloyatlarida olib borilmoqda. Urush sabab yuz minglab odamlar uylarini va hattoki mamlakatni tashlab chiqqan edi.
Xalqaro migratsiya tashkiloti vakili Jemini Pandyaning aytishicha, ba'zi qochqinlar o'z xohishi bilan uyiga qaytgan bo'lsa, boshqalarni Eron chiqarib yuborgan. Ayni damda bu mamlakatda 900 mingga yaqin ro'yxatdan o'tgan va bir millionga yaqin ro'yxatdan o'tmagan afg'on ishchilari bor.
"2007 va 2008 yillarda Eron 800 mingga yaqin afg'onni deportatsiya qilgan. Shu yilning birinchi yarmida esa yana 166 ming kishi chiqarib yuborilgan," deydi Pandya.
Afg'onistonga o'z xohishi bilan qaytgan qochqinlar soni 2002 yildan beri 4,3 million odamni tashkil etadi. Ularni uy bilan ta'minlash o'ta muammoli masala bo'lib turibdi.
Yillar davomida boshi mojaro, beqarorlik va iqtisodiy tushkunlikdan chiqmayotgan mamlakat infrastrukturasi zaiflashgan, deydi BMT mutaxassisi.
"Oila daromadining 85 foizi oziq-ovqatga sarflanadi. Narxlarning balandligi va qurg'oqchilik xarob ahvolda yashayotgan yo'qsil odamlar hayotini yanada og'irlashtirmoqda. Turar-joy muammo, yashash sharoiti og'ir," deydi Xalqaro migratsiya tashkiloti matbuot kotibi.
Ustiga-ustak bu hududlarda qish qahraton bo'ladi. Italiyadan uch million yevro miqdorida olingan xayriya puliga palatkalar va ularni isitish uchun yonilg'i, toza suv sotib olinadi. Ishsizlarga hunar o'rgatiladi.