Breaking News

Xillari Klinton: AQSh mudofaa tizimidan voz kechgani yo'q


AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton mudofaa siyosatini himoya qilib chiqmoqda.

“Obama ma’muriyati Polsha va Chexiyada raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimi o’rnatmaydi, biroq rejadan voz kechgani yo’q. Erondan kelayotgan xavf darajasiga qarab, yondashuvni o’zgartiryapmiz”, - deydi Klinton.

Mudofaa sistemasini Yevropada o’rnatish loyihasi Bush ma’muriyati davrida ishlab chiqilgan edi. Tanqidchilar nazarida, Obama ma’muriyati Rossiyaning kuchli qarshiligi sabab undan voz kechishga majbur bo’lgan. Xillari Klintonning ularga javobi shuki, rejadagi tizim qimmat va amalda sinab ko’rilmagan edi.

“Rossiyaning bu qarorga aloqasi yo’q. Maqsadimiz Eronning ballistik raketalaridan himoyalanish”, - deydi Klinton. “Shu bois ishonchli, ilg’or texnologiyaga asoslangan yangi tizimga o’tishga qaror qilindi”.

Kelasi hafta Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasi majlisida Eron masalasi ko’tariladi. Xavfsizlik Kengashi a’zolari undan oldin Eron muzokarachisi bilan gaplashib olmoqchi. AQSh vazirasiga ko’ra, rasmiy Tehron yadro dasturi to’g’risidagi savollarga samimiy javob bermas ekan, sanksiyalar bilan yuzlashadi.

“Eron hukumati xalqaro sahnada obro’-e’tibor va adolat haqida gapiradi-yu, o’zi muxolifatni tinch qo’ymayapti. Siyosiy mahbuslar, soxta sud jarayonlari, so’z erkinligi toptalishi achinarli hol. Shunga qaramasdan, Eron bilan muloqotga tayyormiz”, - deydi tashqi ishlar vazirasi Xillari Klinton.

XS
SM
MD
LG