Breaking News

Katta Yigirmalikni qarshilayotgan shahar qissasi


AQShning Pensilvaniya shtatidagi Pittsburg bir paytlar po’lat makoni bo’lgan. Havosi zaharlanib ketgani uchun uni jahannam bir joy deya ta’riflashar edi.

Shahar ahli hayotni bu sanoatsiz tasavvur qila olmas va undan kun ko’rar edi. Joriy hafta Katta Yigirmalik sammitiga mezbonlik qilayotgan Pittsburgda bugun manzara boshqa.

Endi u ekologik jihatdan eng ilg’or shaharlardan.

Katta Yigirmalik sammiti Pittsburgning eng so’lim go’shalaridan biri – Fipps istirohat bog’ida bo’lib o’tadi.

Richard Piasentini Fipps oranjereyasining ijrochi direktori:

“Juda chiroyli, ilhombaxsh, osuda va fayzli joy. Fipps bog’i razmiy ma’no ham kasb etadi. Pittsburgda ro’y bergan o’zgarishlarni o’zida mujassam etgan bu bog’. Shuning uchun ham sammitga munosib topishgan nazarimda”.

Fipps oranjereyasi nafaqat o’simlik dunyosi, balki o’ziga xos ko’rinishi bilan ham tanilgan.

Yaqinda bog’ qoshida tropik o’rmon paydo bo’ldi. Uni barpo etar ekan, olimlar energiya tejamkorligini inobatga olgan. Bu yerda issiq va sovuq harorat tabiiy ravishda moslab turiladi.

“Yer qa’rida, besh metr chuqurlikda uzunligi 600 metrlik quvurlar yotqizilgan. Bu quvurlar oranjereyadagi havoni tez-tez yangilaydi. Issiq havo ko’tarilib, teplitsadan chiqib ketadi; pastdan, quvurdan sizgan sovuq havo uning o’rnini egallaydi. Xuddi konditsionerdan gap. Farqi shuki, elektr energiyasini umuman ishlatmaymiz. Jarayon tabiiy”,- deydi Richard Piasentini.

Shahar markazi, sammit o’tadigan majmua ham ekologik jihatdan toza bino sanaladi. Shunday qurilganki, quyosh nuri energiya uchun sarflanadi. Bino bir necha mukofotga loyiq topilgan.

Qizig’i shundaki, yaqin-yaqingacha Pittsburg havoni eng ko’p bulg’aydigan shaharlardan biri, uni zavod va fabrikalar bosgan edi. Jozef Sabino Mistik u davrni yaxshi eslaydi. Faqat zavod ishchilari ish tashlaganida havo sal tozalanar, musaffo osmonni ko’ra olar edik, deydi u.

“1959 yilgi ish tashlash esimda – 10 yoshlar edim chamasi. Hovliga chiqdim-da, buvimga “bu yoqqa qarang” deb qichqirdim. Yugurib keldilar. Nima, nima bo’ldi deb so’raganlarida osmonni ko’rsatdim. Osmon ko’m-ko’k edi. Shunda esingda bo’lsin bolam, osmonda tutun bo’lmasa, dasturxonda nonimiz bo’lmaydi, dedilar”, - deydi Jozef Sabino Mistik.

Uning oilasi Edgar Tomson po’lat zavodida mehnat qilgan. Zavod hali ham bor, lekin ish su’rati keskin kamaygan.

Sal narida esa manzara umuman boshqa. Solar Power Industries kompaniyasi silikondan qiyosh panellari ishlab chiqaradi.

“Zavod yuz millionlab dollar sarmoya hisobiga bunyod etilgan. Yuqori texnologiyali, zamonaviy, tejamkor uskunalar chiqaramiz”,- deydi Jon Buker, ushbu kompaniya prezidenti. Uning aytishicha, zavod yangidan yangi odamlar yollamoqda. Ish ko’p.

“Oldinlari ko’chada ketayotib, tutundan adashib qolish mumkin edi. Ertalab kiygan oq ko’ylakni ishga borib, almashtirish kerak edi. Shu darajada iflos edi havo. Bugun esa aksi. Menimcha, yangi, tejamkor texnologiya yordamida havoni tozalash, uzoq, mashaqqatli mehnat bilan erishilgan yutuqni saqlab qolish mumkin”, - deydi Buker.

Fipps bog’i rahbari Richard Piasentini sammit muvaffaqiyatli o’tishi, Pittsburg mezbonlikni qoyil qilishiga ishonadi:

“Boshqa davlatlar ham shahardan o’rnak olib, qilib bo’lmaydigan ishning o’zi yo’qligiga ishonch hosil qilsa, ajabmas”.

Haqiqatan, sayyora manfaatini ustun qo’ya bilgan Pittsburgni har qancha maqtsasang oz, deydi olimlar.

XS
SM
MD
LG