Breaking News

Boy davlatlar jahon iqtisodini muhokama qiladi


Payshanba kuni AQShning Pittsburg shahrida sanoatlashgan 20 davlat rahbarlari ikki kunlik anjumanda ishtirok etib, jahondagi moliyaviy ahvolni muhokama qiladi. Sammitga prezident Barak Obama raislik qiladi.

O'tgan bir yil ichida Katta Sakkizlik va Katta Yigirmalik guruhlari global moliyaviy tanazzul asoratlariga qarshi hamkorlikda kurashish va umumiy strategiyani ishlab chiqish maqsadida uchrashib, o'z mamlakatlarida iqtisodiy rag'bat dasturini tadbiq etishga kelishib olgan edi.

Bu safar jarayonga xususiy sektorni faolroq jalb etish yo'llari ko'rib chiqiladi. Mutaxassislar fikricha bu ish o'zaro maslahatlashilgan holda qilinmasa, inflyatsiyaga yetaklashi mumkin.

Katta Yigirmalik faoliyatini tadqiq qiluvchi Kanadadagi tashkilot rahbari Jon Kirtonning aytishicha, rag'bat dasturlari iqtisodiyotni tiklash va ish o'rinlarini yaratishda qo'l kelgan bo'lsada, byudjet kamomadini ham oshirib yuborgan.

"Ichki qarz ko'payib, soliq to'lovchiga og'ir keldi. Foiz stavkalari oshsa, ahvol yanada yomonlashadi. Pulini qaytib ololmasligidan xavotirga tushgan sarmoyadorlar qarzi ko'payib borayotgan davlatdan zayomlarni ortiq sotib olmasligi mumkin," deydi mutaxassis.

Ba'zi raqamlarga ko'ra, jahonning barcha pullari AQShning kelasi 10 yil ichida to'planadigan qarzlarini uzishga yetmaydi. Shu sabab AQShga rag'bat dasturidan voz kechish tavsiya qilinmoqda. Xitoy esa aksincha uni davom ettirmoqchi.

"Xitoy rag'bat dasturi orqali dehqonlarni qishloqlarda ish bilan ta'minlab, ularning shaharlarga oqimini to'xtatmoqchi. Xitoy hukumati namoyishlar va ijtimoiy beqarorlikdan qo'rqadi," deydi Kirton.

Mutaxassisga ko'ra, Xitoy va Hindiston Katta Yigirmalik sammitidan o'z manfaati yo'lida foydalanib, Jahon banki va Xalqaro valyuta jamg'armasi ichida ovoz berish huquqini iqtisodiyotining hajmiga qarab kengaytirishni talab qilmoqchi.

"Xalqaro valyuta jamg'armasini oladigan bo'lsak, Xitoy va Belgiya bir xil ovozga ega, ammo iqtisodiy jihatdan bu g'alati ko'rinishi mumkin. Chunki Belgiya bu borada 2 trillion dollarlik valyuta zaxirasiga ega Xitoydan ancha ortda," deydi Jon Kirton.

Shuningdek, Xitoy dollarga muqobil valyutani xalqaro savdo pul birligi sifatida ishlatishni taklif qilmoqda. Chunki har safar dollar qiymati tushganda, Xitoyning AQShdagi sarmoyalari qiymati ham pasaymoqda. Pekin bir emas, bir necha valyutadan iborat tizim joriy etish tarafdori, AQSh esa bunga qarshi.

Pittsburgdagi anjuman davomida AQSh va Xitoy o'rtasidagi savdo disbalansi muhokama etilishi kutilmoqda. Global iqtisodiyotni tiklash xaridorlarga ham bog'liq, ammo pul tejashga tushgan amerikaliklar passiv bo'lib qolgan, shu sabab xitoylik xaridorlarni kuchli nazorat ostidagi Xitoy birjasidan ko'ra g'arb moliya bozorlariga sarmoya qilishga da'vat etish lozim, deydi kanadalik mutaxassis.

"Buning uchun birinchi navbatda Xitoy o'z valyutasini erkin muomalaga qo'yishi kerak. Agar yuan kursi ko'tarilsa, xitoyliklar boyib, pulini AQShda qilingan mollarga sarflaydi, bu esa amerikalik ishlab chiqaruvchilarni rag'batlantiradi. Ayni damda buning aksi bo'lmoqda," deydi Kirton.

Tahlilchi fikricha ikki tomonlama savdo muvozanatini ta'minlash uchun Xitoy davlat tasarrufidagi kompaniyalariga AQSh firmalari, yeri va neftini sotib olishga ruxsat berishi kerak. Shundagina dollar Xitoydan AQShga qaytib keladi.

Katta Yigirmalik sammitida Afrika iqtisodiyoti va global savdoni erkinlashtirish kabi masalalar ham ko'rib chiqiladi.

XS
SM
MD
LG