Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining yillik sessiyasi Nyu-Yorkda mana ikkinchi kun davom etmoqda.
Qaddafiy uzoq gapirdi
Liviyaning qariyb yarim asrlik rahbari Muammar Qaddafiy bir yarim soatdan ortiq vaqt mobaynida ma’ruza qilib, Xavfsizlik Kengashini qoraladi, Tolibonni himoya qildi va G’arbni ko’zbo’yamachilikda aybladi.
BMT, uning fikricha, bugunga kelib o’z qadr-qimmati va ahamiyatini yo’qotgan. Bu Muammar Qaddafiyning Bosh Assambleya oldidagi ilk nutqi bo’ldi. Liviya uzoq yil davomida Xavfsizlik Kengashi sanksiyalari ostida yashagan. Bu davlat qator xalqaro jinoyatlarda ayblangan. O’tgan yillarda Amerika va boshqa davlatlar bilan murosaga kelib, bugun global maydondagi nufuzini ancha tiklab olgan.
Ahmadinajod G’arbni qoraladi
Eron prezidenti Mahmud Ahmadinajod ham BMT minbariga chiqib, din, insoniyat va uning fikricha eng ashaddiy illatlar bo’lmish kapitalizm, zionizm va liberalism xususida uzoq so’zladi. Isroilni falastinliklarga qarshi qabih jinoyatlarda ayblar ekan, yahudiy davlati vakillari, Amerika diplomatlari zalni tark etdi.
BMT Bosh Assambleyasi sessiyasida kecha so’zlagan Obama dunyo rahbarlarini amaliy qadamlar tashlashga, shikoyat va quruq tanqidni bas qilib, effektiv yechimlar bilan chiqishga, mas’uliyatli bo’lishga undadi.
Bugun minbarga Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu, Venesuela prezidenti Ugo Chaves, Gruziya rahbari Mixail Saakashvili, Iroq prezidenti Jalol Talaboniy singari liderlar chiqmoqda.
Atom va yadro quroliga qarshi rezolyutsiya qabul qilindi
AQSh raislik qilayotgan BMT Xavfsizlik Kengashi bugun yangi rezolyutsiya qabul qildi. Unga binoan jahonda atom qurollar soni kamaytiriladi va yadroviy materiallar tarqatilishi cheklanadi.
Bu xalqaro qonunga bo’ysunmagan davlatlar, deydi mazkur tashabbus asoschisi Barak Obama, dunyo ahli oldida javob berishi kerak. Xavfsizlik Kengashi BMTning barcha a’zolarini atom qurollarini yoymaslik haqida 41 yil oldin kelishilgan hujjatga imzo chekishga undamoqda. Atom qudratiga ega davlatlar oldiga yangi majburiyatlar qo’yilmoqda.
Erondan yadro dasturi haqida javobni tezlatish talab qilinmoqda
BMT Xavfsizlik Kengashining besh doimiy a’zosi va Germaniya kecha Nyu-Yrokda Eron yadro dasturini muhokama qilar ekan, o’tgan yilgi taklifni yana olg’a surgan. Eron uranni boyitishni to’xtatsa, imtyoz bilan siylanadi.
Tehronga bu haqda jiddiy o’ylab ko’rish va javobni tezlatish maslahat berilmoqda. Aks holda jazo bilan yuzlashadi.
BMT Xavfsizlik Kengashining besh doimiy a’zosi va Germaniya rasmiylari kelasi oy Jenevada Eron vakili Said Jaliliy bilan yuzma-yuz gaplashadi. Ungacha Tehron o’yini o’ylab olishi kerak.
Britaniya Tashqi ishlar vaziri Deyvid Miliband “Eronga nisbatan ham diplomatik, ham jazo choralari qo’llashga tayyormiz”, deydi.
“Birinchi oktyabrga rejalangan muloqotdan umid katta”, -deydi Milband. “Bu – Eron bilan yadro muammosi haqida bafurja gaplashib olish uchun qulay imkoniyat. Tehron javob ustida jiddiy o’ylab ko’rgani ma’qul. Shunga qarab, chora ko’ramiz”, - deydi Britaniya Tashqi ishlar vaziri.
AQSh va Yevropa davlatlari Eronni yadro quroli yasayotganlikda gumon qilib keladi. Bu da’voni rad etgan Tehron diplomatik bosim ostida sal oldin dunyo rahbarlari bilan uchrashishga ko’ngan. “Ammo uranni boyitishga haqqimiz bor, faqat yadro quroli tarqalishi muammosini muhokama qilamiz”, - deb shart qo’ygan Eron rahbari Mahmud Ahmadinajod.
AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton ta’rificha, Eron qarori mamlakat, millat kelajagini hal qiladi.
“Eron tinch maqsadda energiya ishlab chiqarishga haqli”, - deydi u. “Ammo yadro quroli yaratishni xayoliga ham keltirmagani ma’qul. Bu davlat huquqlarini hurmat qilamiz, ammo Eron majburiyat haqida unutib qo’ymoqda. Xalqaro hamjamiyat bilan hisoblashish ham kerak”, - deydi Klinton.
Rossiya kutilmagan bayonot bilan chiqdi
Rossiya va Xitoy Eronga sanksiya qo’llamaslik tarafdori bo’lib kelgan. O’zga davlatga xalqaro bosim o’tkazishga doimo uncha hushi bo’lmagan va Erondan yonilg’i import qiluvchi Xitoy fikricha, tayoq va dag’dag’a bilan biror natijaga erishib bo’lmaydi. Bu orada kecha Nyu-Yorkda prezident Barak Obama bilan uchrashgan Rossiya rahbari Dmitriy Medvedev kutilmagan bayonot bilan chiqdi.
“Sanksiya doim ham samarali chora emas, ammo ba’zi hollarda boshqa iloj yo’q”, deydi u.
Uning aytishicha, AQSh va Rossiya oldida turgan muhim vazifa – Eronni gapga ko’ndirish. Modomiki, Eron ommaviy qirg’in quroli yaratish rejasidan voz kechsa, uning energiya ehtiyojini qondirishga tayyormiz, deydi Rossiya prezidenti.
Prezident Obama nazarida Eron xalqaro qonunlarni buzib, hech kimni pisand qilmay qo’ygan. Ahvol shu tarzda davom etaversa, kuchliroq sanksiya qo’llashga majbur bo’lamiz, deydi u.
G’arb razvedkasi hisobotlariga ko’ra ham Eron yadro quroli yaratishni maqsad qilgan. BMT Atom energiyasi agentligi Eronni buni izohlashga, har qanday qaltis yadroviy izlanishni to’xtatishga undamoqda. Tehron ta’kidiga ko’ra, bu hisobotlar soxta va asossiz.