Breaking News

Katta Yigirmalik jahon bozori nazoratini kuchaytirmoqda


Katta Yigirmalik rahbarlari kelgusida iqtisodiy tanazzul oldini olish, rivojlanayotgan davlatlar uchun teng imkoniyatlar yaratishga kelishib olgan.

Guruh sammitiga mezbon bo’lgan Pittsburgda jahon bozoridagi yangi qoidalar belgilab olindi.

Katta Yigirmalikka a’zo davlatlarning ikki kunlik sammiti yakunida hujjat imzolangan.

"Millionlab odamlarni xonavayron qilgan iqtisodiy krizis yana takrorlanishiga yo’l qo’ymaymiz", - deydi prezident Obama.

Yangi qoida-mezonga ko’ra, moliya tizimi ustidan boshqaruv kuchaytiriladi, banklar esa zaxiradagi mablag’ni oshiradi, toki sarmoya yoki qarz qaytmasa, istagan payt uning o’rnini qoplash mumkin bo’lsin.

Yirik moliyaviy kompaniya va firmalar kasodga uchragan, ishi orqaga ketgan taqdirda qanday chora ko’rish, moliya tizimi va aholi pul zaxiralarini himoya qilish bo’yicha qoidalar ishlab chiqilgan.

Obamaning aytishicha, bank va sarmoya kompaniyalari rahbarlari maoshi ham endilikda sinchiklab tekshiriladi. “Ular bundan e’tiboran lavozimiga yoki xohishiga qarab emas, qilgan xizmatlari, uzoq muddat davomida erishgan yutuqlariga qarab maosh oladi”, - deydi Obama.

Tanqidchilar nazarida, tadbirkor va bankirlar qo’lga kiritgan bitimlari uchun haddan ziyod ko’p maosh va mukofot olib, bosar-tusarini bilmay ketgan. Yevropa rahbarlari bunaqasi ketmaydi, qandaydir me’yor bo’lishi kerak, demoqda.

Hozirda umumiy iqtisodiy ahvol yangilanmoqda, ammo tizim butunlay tuzalishi uchun vaqt kerak.

Katta Yirigmalik davlatlari iqtisodiyotni tiklash maqsadida foiz stavkalarini kesib, yangi ish o’rinlari yaratish uchun byudjetdan ko’p mablag’ ajratgan. Moliyaviy yordam dasturlarini tugatishga hali erta, deydi ular.

Britaniya Bosh vaziri Gordon Braunning aytishicha, endilikda jahon iqtisodiyoti va uni boshqarishga doir muhim qarorlar Katta Yigirmalik doirasida qabul qilinadi.

Bu degani barcha a’zo davlatlar, jumladan, dunyo iqtisodiyotining katta ulushiga ega Hindiston va Xitoy teng fikr bildirishi va birday mas’uliyatni bo’yniga olishi kerak bo’ladi.

XS
SM
MD
LG