Breaking News

Jahon Banki rahbari: "Inqiroz tugagani yo'q"


Jahon Banki va Xalqaro valyuta jamg'armasi Turkiyada yillik qo'shma majlisini o'tkazmoqda. Global iqtisodiy krizis va undan chiqish yo'llari muhokamada.

Jahon Nanki prezidenti Robert Zellikning aytishicha, mamlakatlar bu borada ko'p ishlar qildi, ammo inqirozdan hali-beri chiqilgani yo'q.

"Moliyaviy tanazzulning tarqalishini to'xtatishga muvaffaq bo'ldik, ammo yutuqlar haqida gapirishga hali erta. 2009 yil og'ir yil bo'ldi, biroq kelasi yili rag'bat dasturlariga ajratilgan pul tugagach, nima bo'lishini bashorat qilish qiyin," deydi Zellik.

Hukumatlar qo'ldan kelgancha harakat qildi, endi xususiy sektor ham iqtisodiy tuzalishga o'z hissasini qo'shishi kerak, deydi u. Zellikning aytishicha, shundan keyin ham ishsizlik muammosi hali-beri hal bo'lmaydi.

"Jahon Banki va Xalqaro valyuta jamg'armasi hisoblariga ko'ra, ishsizlik sur'ati oshishda davom etadi," deydi u.

Unga ko'ra hozirgi vaziyatdan oddiy xalq jabr ko'rmoqda.

"Global iqtisodiy tanazzul mamlakatlarning eksport salohiyatiga ta'sir qildi, chetda ishlayotgan fuqarolardan vatanga kamroq pul yuborilmoqda, turizm va sarmoyalar susaygan, bu esa kambag'al davlatlarga og'ir tushmoqda," deydi Jahon Banki rahbari.

Zellik rivojlangan davlatlarni ularga ko'proq yordam berishga da'vat etmoqda.

"Xitoy va Hindiston bu borada juda faol, biroq Janubi-sharqiy Osiyo, Latin Amerikasi va Afrikadagi ba'zi davlatlar ham faolroq harakat qilishi lozim," deydi Robert Zellik.

Uning aytishicha, tanazzul oqibatida jahonda ko'p qutbli iqtisodiy tizim vujudga kelmoqda va Qo'shma Shtatlar oldingidagidek hukmron emas. Bu hol Jahon Banki va Xalqaro valyuta jamg'armasi boshqaruvida ham o'z aksini topishi kerak, deydi Zellik.

XS
SM
MD
LG