Breaking News

Kongress qarshisida juma namozi


Yaqinda Amerikada minglab musulmonlar Kapitoliy qarshisida, bu davlat qonunchilik organi oldida namozga yig'ildi. Mamlakatda qariyb 7 million musulmon yashashini va yuzlab masjidlar borligini hisobga olsak, Vashingtondagi tadbirni katta bir marosim bo'ldi deya olmaymiz. Ammo nega aynan siyosiy maskan yozida o'qilgani islom haqida kam biladigan amerikaliklar orasida katta qiziqish uyg'otdi.

Barak Obama prezident bo'lganidan beri islom dunyosi bilan aloqalarni yaxshilashga kirishgan. AQSh Markaziy Razvedka Boshqarmasi musulmonlarni o'z safiga qo'shilishga da'vat etmoqda. Yaqinda esa tarixiy voqea sodir bo'ldi. Turli millat vakillariga tegishli besh mingga yaqin musulmon Kongress binosi yonida namoz o'qish uchun ruxsat oldi.

"Bu tadbir Amerika diniy xilma-xillikni qo'llab-quvvatlashini ko'rsatib turibdi. Musulmonlar ham shu mamlakat fuqarolari. Amerika taraqqiyotiga birday hissa qo'shmoqda," deydi vashingtonlik xizmatchi Nadya Xo'ja.

Juma namozining Kapitoliy yonida o'tkazilishi ijobiy hol, deydi tadbirga to'plangan musulmonlar. Ularning aytishicha, Amerikaning o'ziga yarasha muammolari bo'lsada, u yashash uchun yaxshi mamlakat.

Vashingtonlik Nashid Rasulning aytishicha, uning bu yerga kelishidan maqsad - tinchlikni qo'llab-quvvatlash, axir tinchlik - islom dini tamoyillaridan biri, deydi u.

"Millatingiz, diningizdan qat'iy nazar islom tinchlikka chaqiradi. Dinimiz haqida yaxshi bilmagan odamlar bugungi tadbirga qarshi chiqmoqda, ammo 1-2 kishining qabih ishlari orqasidan butun musulmonlarni ayblab bo'lmaydi," deydi Rasul.

Ba'zi konservativ nasroniy guruhlar nazarida AQSh hukumati musulmonlar talablariga yon berib nasroniy an'analar bilan voyaga yetgan mamlakatning islomiylashishiga yo'l qo'ymoqda. Ba'zilari ushbu tadbirga norozilik bildirib, hattoki uni izdan chiqarishga harakat qildi.

"Parvardigor, bu odamlarni to'g'ri yo'lga qaytar" deya ibodat qilayotgan bir guruh nasroniy missionerlardan "musulmonlar xato yo'ldami" deya so'raymiz.

"Biz bu yerga kim haq-u, kim nohaqligini aytish uchun kelganimiz yo'q. Isoni xudo va xaloskor deb bilamiz va bu odamlarning ko'zi ochilsin deya ibodat qilyapmiz," deydi ulardan biri.

Tadbirni chetdan kuzatib turgan nyu-yorklik tarix o'qituvchisi har bir dinda ham ekstremizdan ehtiyot bo'lish kerak deydi.

"Diniy bag'rikenglik tarafdoriman. Fundamentalizm xoh yahudiy bo'lsin, xoh musulmon, xoh nasroniy - qabul qilmayman. Shariatning qonun sifatida qo'llanilishiga ham qarshiman," deydi u.

9 yashar Rafay bu kun bir umrga esida qolishini aytadi.

"Bugun judayam ko'p odam to'plandi. Kongress xizmatchilari ibodat qilishimizni kuzatib turdi. Hammasi yaxshi o'tdi."

"Kapitoliyda juma namozi" tashkilotchilari 50 mingga yaqin musulmon to'planadi deb umid qilgan edi. Bu kabi tadbirlar, deydi ular, amerikaliklarga islom haqida kengroq ma'lumot olishga yordam berib, unga qarshi munosabatni yumshatadi.

XS
SM
MD
LG