Breaking News

Jahon iqtisodiyoti bugun kimning qo'lida?


Katta Yigirmalik jahon iqtisodiyotini tebratuvchi eng yirik birlashmaga aylanmoqchi. Pittsburgda o’tgan sammitda bunga ahd qilingani, deydi mutaxassislar, Osiyo va Lotin Amerikasidagi ayrim davlatlarning global maydondagi roli oshib borayotganidan darak beradi.

Jahon inqiroz iskanjasidan chiqishga harakat qilarkan, moliyaviy barqarorlik Katta Yigirmalik qo’lida ekani sir emas. Yaqingacha global bozorni asosan sakkiz davlat – AQSh, Yaponiya, Britaniya, Germaniya, Fransiya, Italiya, Kanada va Rossiya yuritib kelayotgan edi .

Britaniya Bosh vaziri Gordon Braun yangi davr boshlanmoqda deydi.

“Katta Yigirmalik endi jahon iqtisodiyoti va moliyaviy tizimini yurituvchi, uni nazorat qiluvchi eng ulkan tashkilot bo’ladi”,- deydi Braun.

Bu shundan dalolat beradiki, o’tgan 40 yil mobaynida global siyosiy-iqtisodiy muvozanat ancha o’zgardi.

Bu ijobiy yangilik, deydi amerikalik yetuk mutaxassis Filips Levi.

“Bu degani jahonda taraqqiyot sur’ati oshdi. Raqobat kuchayib, davlatlar buni ochiq tan ola boshladi”,- deydi u.

Tahlilchilar asosan Xitoy, Hindiston va Lotin Amerikasi davlatlariga ishora qilmoqda. Eng ko’p sarmoya jalb qilgan yirik jamiyatlar.

Iqtisodiy sharhlovchi Mark Zandi nazarida:

“Bu davlatlar iqtisodiyoti hali yosh va umidga to’la. Aholi soni va ishchi kuchi jihatdan ularga bas kela olmaysiz. Ularda mahsulotga talab kuchli. Bozor jadal. Amerika va boshqa davlatlar, tabiiyki, bu mamlakatlarga ko’proq mahsulot olib kirishni istaydi. Savdo rivojlangan sari esa ular yanada kuchayadi”.

Katta Yigirmalik hozir jahon iqtisodiyotining 85 foizini egallab turibdi, qolaversa dunyo aholisining uchdan ikki qismi bu davlatlarda yashaydi va mehnat qiladi. Har qanday moliyaviy masala avvalo shu jamiyatlarda yechimini topishi kerak, chunki qolgan mamlakatlar ularga ko’p jihatdan tobe.

“Katta Yigirmalik inqirozdan chiqsa, dunyo undan chiqadi”,- deydi global bozor, talab va ta’minotni yorituvchi ekspert Lezli Gelb.

“Dunyodagi ko’plab muammolar kaliti, shubhasiz, mana shu 20 taraqqiy etgan davlat qo’lida. Birga ishlamasa bo’lmaydi. Agar faqat o’z manfaatlarini ko’zlasa, hech biri oldinga siljimaydi. Ular bir-biriga shu qadar bog’langanki, o’zboshimchalikka yo’l yo’q”.

Katta Yigirmalik oldida turgan ikki muhim masala, deydi mutaxassislar, byudjetdagi kamomad va eksportga tobelik.

Iqtisodiy tahllilchi Filips Levi nazarida Xitoy va AQSh bo’yniga ko’plab majburiyatlar yuklanmoqda.

“Hozir dunyodagi moliyaviy manzarani kuzatsangiz, Xitoy faqat qarz berayotganiga, Amerika esa qarz olayotganiga guvoh bo’lasiz. Xitoy kredit ajratishni, boshqalar esa tavakkal qilishni bas qilishi kerak. Xitoyni ko’ndirish oson bo’lmaydi”,- deydi Levi.

Moliyaviy muvozanat buzilmasligining oldini olish shu tariqa Katta Yigirmalik uchun bugun va ertaning dolzarb mavzusi. Hozir har bir davlat krizisdan qancha zarar ko’rganini sarhisob qilmoqda.

Katta Yigirmalik kelasi yil iyun oyida uchrashadi. Ungacha iqtisodda ijobiy o’zgarishlar bo’ladi degan umid bor.

XS
SM
MD
LG